TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Bugun Toshkentning bir necha restoranlarida O‘zbekiston birinchi Prezidenti xotirasiga osh beriladi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu tadbir Davlat rahbari dafn marosimini tashkil qilish hukumat komissiyasi tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, u poytaxtning bir necha restoranlarida bo‘lib o‘tadi. Ayni damda tadbir "Farovon", "Charog‘on", "Yakkasaroy" "Sayohat" va "Navruz" restoranlarida bo‘lib o‘tishi aniq belgilangan. Ushbu ma’rakaga istagan kishi kelishi mumkin.
Xuddi shunday tadbirlar respublikaning barcha viloyatlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ularni tashkil qilishda hokimiyat, yirik tashkilot va muassasalar jalb qilingan.
Ma’raka oshi – o‘zbek urf-odatlariga ko‘ra, dafn marosimidan keyin marhum xotirasiga beriladi. Odatda bunday marosimlar ortiqcha dabdabasiz, o‘ta kamtarin sharoitda o‘tkaziladi. Oshdan oldin marhum xotirasiga fotiha o‘qiladi.