Ekspertlar: O‘zbekiston mintaqadagi yetakchi geosiyosiy davlat

Obuna bo‘lish
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni vafot etdi. Ekspertlar Karimovdan keyingi O‘zbekiston Markaziy Osiyo va dunyoda qanday o‘rin tutgani haqida fikr bildirishdi.

 

TOShKENT, 3 sen — Sputnik. RIA Novosti O‘zbekistonning bugungi mavqeyi haqida ekspertlar fikrini o‘rgandi.

Ekspertlarning fikricha, hududdagi barcha muhim muammolarni hal qilish uchun Toshkentning ishtiroki zarur.

"O‘zbekiston hududdagi yetakchi davlat, chunki markaziy geosiyosiy makonda joylashgan, hududning mutlaq demografik yetakchisi hisoblanadi, iqtisodiyoti ham sezilarli ravishda", — deydi MDH institutining Markaziy Osiyo va Qozog‘iston bo‘limi mudiri Andrey Grozin. — Barcha jabhalar – geosiyosiy, geoiqtisodiy, geostrategik nuqtayi nazardan bu davlat bilan hisoblashmasdan Markaziy Osiyoda barqaror siyosat yuritilishi qiyin".

Oliy iqtisodiyot maktabining jahon iqtisodiyoti va siyosati fakulteti dekanining o‘rinbosari Andrey Suzdalsev ham bu fikrga qo‘shiladi. "Xolisona olib qaraganda O‘zbekistonning hududdagi ta’siri yuqori", — deydi u. Shu sababli O‘zbekistondagi har qanday voqea qo‘shni mamlakatlarga ham ta’sir qiladi.

O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning yuqoriligini ushbu davlat qator tahdidlar, jumladan diniy ekstremizmning Osiyodan Rossiyaga kirib kelishining oldini oluvchi asosiy to‘siqlardan biri ekanligi bilan izohlash mumkin. Haqiqatan ham O‘zbekiston hukumati O‘zbekiston islom harakati va “Hizb ut tahrir” guruhiga qarshi keskin kurashishi bilan tanilgan.

Mamlakat ichida hukumat ekstremizm tahdidini yo‘qqa chiqargan. Lekin Toshkent tashqaridan bo‘ladigan xavflarga qarshi tura oladimi? Ekspertlar bu savolga ha, deb javob berishdi.

"O‘zbekiston kuch tuzilmalari hududda eng yuqori darajadagi jangovar tayyorgarlikka ega deb hisoblanadi", — dedi Grozin.

"Bu davlat sobiq ittifoq davridan qolgan katta harbiy salohiyatga ega", — deydi Suzdalsev.

Bundan tashqari bu yerda armiya Turkiyadagi kabi siyosiy kuch emas va hokimiyatga bo‘ysunadi.

O‘zbekiston nima uchun hududda iqtisodiy jihatdan yetakchi bo‘la olmadi va bu rolni Qozog‘istonga berib qo‘ydi?

Suzdalsevning fikricha, "Qozog‘iston hamisha Rossiyaga, rus bozoriga, tranzit imkoniyatlariga tayanib kelgan. O‘zbekistonda esa nomutanosiblik mavjud: ayrim hududlar qoloq, ayrimlari o‘ta rivojlangan. SSSR tarqalganidan keyin munosabatlarning uzilishi oqibatlari O‘zbekiston uchun kuchli bo‘lgan".

Grozin esa ayrim sohalarda Qozog‘istonni yagona yetakchi deyish noto‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlaydi.

"Qozog‘iston iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha hududda yetakchi hisoblanadi, lekin hozirgi iqtisodiy inqiroz unga kuchli ta’sir qildi. O‘zbekiston armiyasi qudrati, ichki iqtisodiyotining barqarorligi, demografik jihatdan Qozog‘istondan qolishmaydi. O‘zbekiston hududdagi ikki yetakchidan biri, Qozog‘iston — asosan iqtisodiy yetakchi,O‘zbekiston — geosiyosiy,  demografik", — deydi Grozin.

 

Yangiliklar lentasi
0