TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Samarqand shahrida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Shaharning markaziy qismida bir qator ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan. Ba’zi bir obyektlarda ta’mirlash va qurilish ishlari olib borilmoqda, deb xabar qiladi Sputnik O‘zbekiston nashriga vaziyat bilan yaxshi tanish manba.
Manbaning so‘zlariga qaraganda, ayni vaqtda shahar markazida huquqni muhofaza qilish xodimlari soni keskin ortgan, yo‘llar yopib tashlangan. Shohi Zinda majmuasida faol tarzda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani ma’lum qilinmoqda.
"Oqshom soat 3larda Samarqand osmoni ustidan 2-3ta samolyot juda past uchdi. Tezurar poyezdlar qatnovi bekor qilingan, yo‘llar ham berk, taksichilar umuman yo‘q. Ko‘chada militsiya xodimlari to‘la. Nima bo‘layotganini tushunmayapmiz", — dedi suhbatdosh.
"Ayni damda Samarqand shahri katta ko‘chalari mashina harakatlanishi uchun yopilgan, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, odamlarning kayfiyati juda tushkun… Ichida turistlari bo‘lgan katta avtobuslar ham manziliga borolmayapti…",-deyiladi ijtimoiy tarmoqlarda.
Eslatib o‘tamiz, bugun ertalab O‘zbekiston hukmati Prezident Islom Karimov og‘ir ahvolda, deb xabar qilgan edi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi xabariga ko‘ra, o‘tgan kun davomida Prezident holati keskin yomonlashgan. "Aziz vatandoshlar, chuqur qayg‘u bilan shuni ma’lum qilamizki, o‘tgan sutkada Prezidentimizning sog‘lig‘i birdaniga yomonlashdi va shifokorlar vaziyatni o‘ta og‘ir deb baholamoqda”, — deyilgan Vazirlar Mahkamasining rasmiy xabarida.