Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938-yil 30-yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli. O‘rta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xo‘jaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega. Iqtisod fanlari nomzodi.
Mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. 1961 yildan 1966-yilgacha V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviasiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi.
1966 yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
1983 yilda I.Karimov O‘zbekiston SSR Moliya ministri, 1986-yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi.
1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya komitetining birinchi kotibi, 1989-yilning iyunidan boshlab O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.
1990 yil 24-mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida I.Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi.
1991 yil 31-avgust kuni I.Karimov tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi.
1991 yil 29-dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
1995 yil 26-martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlariga ko‘ra, I.Karimovning prezidentlik vakolati 2000-yilga qadar uzaytirildi.
2000 yil 9-yanvarda muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, I.Karimov 7-yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2007 yil 23-dekabrida muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, I. Karimov 7-yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2015 yil 29-mart kuni muqobillik asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq Islom Karimov 5-yillik muddatga mamlakatning oliy lavozimiga saylandi.
2015 yilning 2-sentabrida Islom Abdug‘aniyevich Karimov Toshkent shahrida insult sababli vafot etdi.
I.Karimov suveren va mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni, "Mustaqillik" va "Amir Temur" ordenlari bilan taqdirlangan.
Shuningdek, Islom Abdug‘aniyevichu bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning orden-medallari bilan ham mukofotlangan.
Islom Karimov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi. U iqtisod, fan, ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ko‘pgina xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori hamda akademikligiga saylangan.
O‘zbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bog‘laydi. I.Karimov mamlakatda amalga oshirilgan ulkan ishlar, tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosidir:
• O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan atoqli davlat arbobidir;
• demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘la javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi va uni hayotga tatbiq etishning kafolatidir;
• markaziy hokimiyat va uning joylardagi bo‘g‘inlarini isloh qilish, davlat, jamiyat va inson munosabatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi siyosiy-ijtimoiy tizim tamoyillarini ishlab chiqdi va amalga oshirdi;
• xalqning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ilg‘or jahon tajribalarini mujassamlashtirgan iqtisodiy islohotlarning yangi modelini ishlab chiqdi. Bu rivojlanish yo‘li iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, qonun ustuvorligi, o‘tish davrida davlatning boshqaruvchilik roli, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, kuchli ijtimoiy himoya kabi mashhur besh tamoyilni o‘z ichiga oladi va u dunyoda "O‘zbek modeli" deb e’tirof etilgan;
• O‘zbekiston davlatining hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlar, Chegara va Ichki qo‘shinlarni zamonaviy islohotlar asosida tashkil etish ishiga boshchilik qildi;
• KPSS Markaziy Komiteti boshchiligidagi kuchlar O‘zbekistonda adolatsizlik va tazyiqlarni avj oldirgan yillarda O‘zbek xalqining nomini nohaq tahqir va haqoratlardan himoya qilish, xalqimizning or-nomusini, milliy g‘ururini tiklashda fidoyilik namunasini ko‘rsatdi;
• xalqimiz ma’naviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimizni, urf-odatlarimizni, bebaho tarixiy merosimizni hayotga qaytarishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi;
• xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, o‘zbek nomini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa qO‘shdi;
• odamlarning tafakkurini o‘zgartirish, ularning ongida yangi milliy g‘oya, milliy mafkura asoslarini shakllantirish va mustahkamlash ishiga rahnamolik qildi;
• yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni qaror toptirish, uni saqlash hamda mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shdi;
• mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mutlaqo yangi ta’lim-tarbiya tizimi – Kadrlar tayyorlashning milliy dasturini yaratish va uni amalga oshirishda bevosita yetakchi bo‘ldi;
• mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, vakolat va huquqlarini kengaytirish, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimi sifatida uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tashabbuskori bo‘ldi;
• yurtimizning turar joylarida yangi qurilishlar, shu jumladan, ulug‘ ajdodlarimizning qadamjolarini obod qilish, iqtisodimizning salohiyatini oshirishda katta o‘rin tutgan yirik-yirik korxonalarni bunyod etishda, ko‘pgina shahar va qishloqlarimiz, avvalambor, poytaxtimiz Toshkentning shakl-qiyofasining tubdan o‘zgarishida bevosita rahbarlik qildi.
• Muxtasar qilib aytganda, Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshladi.