TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Hindiston madaniyat va sayyohlik vaziri Mixesh Sharma xorijlik sayyoh ayollar mamlakatdagi kichik shaharlarga sayohat chog‘ida yubkada yurmasliklarini tavsiya qildi, deb xabar beradi RIA Novosti.
"Xorijlik sayohatchi aeroportga kelganida unga Hindistonda nimalar mumkin va mumkin emasligi haqida ma’lumot-risola beriladi. Risolada agarda ular kichik shaharlarga boradigan bo‘lishsa, kechqurun yolg‘iz yurmasliklari yoki yubka kabi kiyimlar kiymasliklari borasidagi tavsiyalar kiritilgan", — dedi Sharma jurnalistlarga.
U xorijlik sayyohlarga kiyinish borasida qat’iy talablar qo‘yilishi haqidagi savolga “Biz sayyohlarga kiyinish borasida hech qanday talab qo‘ymaymiz”, — deb javob berdi.
Bundan tashqari Sharma sayyohlarga ehtiyot chorasi sifatida o‘zlari o‘tirayotgan taksi raqamini suratga olish va do‘stlariga jo‘natishni tavsiya qildi. Uning aytishicha, bu zaruriyat tug‘ilganda politsiyaga jinoyatchini topishda asqotadi.