TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Bugungi kunga kelib UZ zonasidagi domenlar soni 29 mingdan oshib ketdi, deb xabar qildi milliy domen zonasi ma’muriyati.
Statistika yil boshidan buyon (25,3 ming domen) 3645ta domen qo‘shilgani yoki 13,9 foizga o‘sish qayd etilganini ko‘rsatadi.
Ushbu davr mobaynida 8500dan ortiq yangi domen ro‘yxatga olingan va 5000ga yaqin domen o‘chirilgan.
Barcha domenlarning 46 foizi jismoniy shaxslarga, 90 foizi O‘zbekiston fuqarolariga rasmiylashtirilgan.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda internet tarmog‘idan foydalanishni yanada rivojlantirish borasida qator choralar amalga oshirilmoqda. Jumladan «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston provayderlari uchun tashqi kanal internet xizmatlari tariflarini 27-apreldan boshlab shu yilning o‘zida oltinchi marta: 1 Mbit/sekundga 112,91 dollargacha tushirilishini e’lon qilgandi.
2015 yilda internet xizmatlari narxi 17-marta tushirilgan edi.
Statistikaga qaraganda, aholisi 30 millionlik O‘zbekistonda 12 million kishi internetdan foydalanadi. Respublikada internetdan foydalanishdagi eng katta muammo uning tezligi yuqori emasligidir.