TOShKENT, 26 avg — Sputnik. G20 sammiti 4-5 sentabr kunlari Xitoyning Xanchjousida bo‘lib o‘tadi. "Sog‘lom, innovatsion, o‘zaro bog‘langan va inklyuziv jahon iqtisodiyotini qurish" Sammitning bosh mavzusi hisoblanadi. XXR Raisi Si Szinpin sammitga tashkilotga a’zo mamlakatlar yetakchilarini, shu jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Barak Obamani ham taklif qilgan.
Sammit o‘tkaziladigan vaqtda Xitoyda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Misol uchun mamlakatga kirish-chiqish tartibida ham vaqtinchalik o‘zgartirishlar kiritilgan. RIA Novosti xabariga ko‘ra, Xitoy hukumati Yaqin Sharqning 5ta respublikasi fuqarolarini xostellarda joylashni ta’qiqlash haqida farmoyish bergan.
"Xostellarga kiritilmasin"
"Xitoy janubidagi Guandun viloyati politsiyachilari Xanchjoudagi barcha xostellarga sentabr oyining 15 chislosiga qadar Afg‘oniston, Turkiya, Iroq, Suriya va Pokiston fuqarolarini joylamaslik haqida ko‘rsatma bergan", — deb yozadi juma kuni South China Morning Post nashri.
Ba’zi xostel egalari nashrga ta’qiq 1-oktabrga qadar amal qilishi haqida aytishgan. Aytgancha, xabarda ushbu ta’qiq "5 yulduzli" hamda ko‘ptarmoqli mehmonxonalarga tegishli emasligi qo‘shimcha qilingan.
Kirish ta’qiqlanadi
O‘tgan haftada Rossiyaning qator sayyohlik kompaniyalari Xanchjouda o‘tkaziladigan G20 sammiti munosabati bilan 18-avgust — 1-oktabrgacha bo‘lgan vaqt davomida Xitoyga uyushtiriladigan yakka tartibdagi sayyohlik safarlari uchun viza qoidalari o‘zgartirilishi haqida ma’lum qilishdi.
Kompaniyalar bergan xabarda so‘nggi uch yil ichida 30 kun va undan ortiq vaqt mobaynida Turkiyada bo‘lgan, pasportida O‘zbekiston, Tojikiston, Suriya va Qozog‘istonga safar qilgani haqida muhr bosilgan shaxslarga, shuningdek, Rossiya va sobiq Ittifoq respublikalarida dunyoga kelgan fuqarolarga Xitoyga kirish ta’qiqlanishi aytib o‘tilgan.
Bundan tashqari, xuddi shu davr mobaynida Pekin, Shanxay va boshqa shaharlar orqali uchinchi mamlakatlarga vizasiz tranzit amalga oshirilmasligi xabar qilingan.