TOShKENT, 26 avg – Sputnik. Turkiyaning janubi-sharqidagi Jizra shahrida portlovchi modda o‘rnatilgan yuk mashinasi portlashi oqibatida 70dan ortiq kishi yaralandi, deb xabar beradi RIA Novosti mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Rajab Akdagning ma’lumotiga asosan.
"Jizradagi portlash natijasida 70dan ortiq kishi yaralandi, to‘rt kishi og‘ir ahvolda. Halok bo‘lganlar ham bor, lekin ular haqida keyinroq ma’lum qilinadi. Umid qilamanki, ularning soni ko‘p bo‘lmaydi", — dedi Akdag.
Politsiya boshqarmasi binosi oldidagi pasport tekshiruv punkti yaqinida ertalab kuchli portlash yuz berdi. Ilgariroq Anadolu agentligi 8 nafar politsiyachining halok bo‘lgani va 45 nafar kishi yaralangani haqida xabar qilgandi. Agentlikning ma’lum qilishicha, portlovchi modda solingan yuk mashinasi portlatilgan. Ushbu hujumni uyushtirishda Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari gumon qilinmoqda.
So‘nggi ma’lumotga qaraganda, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 nafar, 78 kishi jarohat olgan.