TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Bishkekda “Islom davlati” terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumon qilinib Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi, deb xabar beradi RIA Novosti Sputnik Qirg‘iziston xabariga tayanib.
“Bishkekda juma kuni ID terrorchi tashkilotiga a’zolikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. U Rossiya fuqarosidir. U Bishkekda ijaraga olingan xonadonda yashagan”, deyiladi xabarda.
Agentlikning xabariga ko‘ra, mamlakat fuqarolarini o‘z tarafiga og‘dirishni maqsad qilgan yashirin terrorchilik guruhi faoliyatiga chek qo‘yilgan. IIBBda ma’lumot berilishicha, guruhning maxfiy yig‘ilishlari rossiyalik 43 yoshli shaxsning ijaraga olingan xonadonida o‘tkazilgan.
Agentlikning aytishicha, tintuv chog‘ida uning xonadonidan ko‘plab miqdordagi ekstremistik adabiyotlar, o‘qlar, to‘rt dona ID bayrog‘i, o‘qotar qurol, ikkita granata, niqoblar va elektron axborot qurilmalari topilgan.