TOShKENT, 26 avg — Sputnik, Dilshoda Raxmatova. Shu kunlarda Moskvadagi Umumrossiya bezak va amaliy san’at muzeyida, Tretakovka galereyasi ishtirokida tayyorlangan “O‘zbekiston madaniy merosi xazinalari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Tashkilotchilarning ta’kidiga qaraganda, bunday keng ko‘lamli ko‘rgazma birinchi marotaba o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmaningi o‘zbek milliy matolariga bag‘ishlangan bo‘limida Buxoro zardo‘zlarining mohir qo‘llari bilan yaratilgan nafis buyumlar bilan tanishish mumkin. Shuningdek, o‘zbek kulolchilik namunalari ham kishini mahliyo qilmay qo‘ymaydi. Umumrossiya muzeyining beshta zalida bundan tashqari, 1930-yillarda yaratilgan zargarlik buyumlari, metall buyumlar, yog‘och o‘ymakorligi va yog‘och naqsh san’ati, bezatilgan patnislar, musiqa asboblari, kashtado‘zlik buyumlari, o‘zbek milliy kiyimlari-yu, boshqa ko‘plab qiziq eksponatlarni tomosha qilish mumkin.
“Siz hozir oldida turgan eshik, Umumrossiya amaliy san’at muzeyining 1939-yilda O‘zbekistonga uyushtirilgan ekspeditsiyasida olib kelingan, — deydi Tatyana Rikova, muzey saqlovchisi. - O‘zbek uylari xususiyatlardan biri, bu – ichki xonalarning kamtarona bo‘lishiga qaramasdan, kirish eshigining hashamatli bezatilishidir. Ko‘rgazmamizda namoyish etilayotgan shiyponcha, xontaxta va yog‘och parda 1937-yilgi Parij ko‘rgazmasi uchun atay mohir o‘zbek ustalari tomonidan tayyorlangan. O‘shanda o‘zbek yog‘och o‘ymakorlik va zardo‘zlik san’ati asarlari Parijda bir nechta oltin va kumush mukofotlarga sazovor bo‘lgan. O‘zbekistonlik o‘ymakorlar ishlagan buyumlarning dong‘i butun dunyoga mashhur.”
O‘zbek me’morchiligida muhim rol o‘ynagan yog‘och o‘ymakorlik san’ati kundalik ro‘zg‘or buyumlari tayyorlashda ham o‘z ifodasini topgan. Turli sandiqchalar, javonlar, qutichalar, xontaxtalar, milliy musiqa asboblari, ko‘p qirrali bezakli stolchalar, shiyponchalar shular jumlasidan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida sharqona uslubda yasalgan ushbu buyumlar Yevropada juda talabgir bo‘lgan.
Ekspozitsiya markazida Rossiya naqsh va bezak san’ati markazlari hisoblangan Fedoskino, Mster va Xoluyalik ustalarning O‘zbekistonga sayohatlari taasurotlari asosida O‘zbekiston mavzusida yaratilgan ishlari o‘rin olgan.
Ushbu ustalar yaratgan miniaturalarning asosiy qahramonlari oddiy mehnatkash xalq vakillaridir.
Noma’lum mualliflar tomonidan 1930-yillarda yaratilgan “O‘zbeklar choy ichmoqda”, “O‘zbek gilamdo‘z ayollari” asarlarida, fedoskinolik usta Kruglikov Alekseyning “O‘zbeklar. Gazeta o‘qish” va usta Semenov Ivanning “O‘zbeklar choyxonada” asarlarida rus rassomlari tomonidan o‘zbek mahalliy turmushining o‘ziga xos fazilatlari, betakror o‘ziga xosligini va milliy xususiyatlari aks ettirilgan. Miniaturalar janubiy o‘lka quyoshi nurlarini o‘ziga singdirib olgan yorqin ranglari hamda lo‘nda va ishonarli obrazlari bilan ajralib turadi.
O‘zbekistonda odat bo‘lgan, matolarga bezak berish san’ati – bu xalq ustalarining oliy darjadagi mohirlik belgisi bo‘lib, u o‘tgan zamon urf-odatlari bilan bir qatorda zamonaviylikni o‘zida mujassamlashtirgan. Ma’nodor naqshlar, chiziq va ranglar uyg‘unligini o‘zida jam qilgan milliy matolar yaratish hunari — san’at darajasiga ko‘tarilgan.
“Xon-atlas”, shubhasiz O‘zbekistonning haqiqiy boyligidir. Uning ostki qatlamida ingichka chiziqlar bilan chizilgan naqsh — eng muhim o‘rin tutadi. U kiyim egasini ko‘z tegishidan saqlaydi. Undan tashqari “Xon-atlas”da “to‘morcha”, “taroq”, “ilon izi”, “chirog‘”, turli gullar va o‘simliklar, inson va hayvonlar ramzi solingan bo‘lib, ushbu tasvirlar tarixi Zardo‘shtlik davrlariga borib taqaladi. Qadim zamonlarda ushbu naqsh va gullarning ramziy ma’nosi, bu — kiyim egasini turli balolardan saqlash bo‘lgan.
So‘zana (fors. nina bilan tikilgan) – ipak,yoki paxta matoga rang –barang ipak iplar yordamida tikilgan turli gul va naqshlar bilan bezatilgan devor kashtasidir. Qadim zamonlarda bunday devor bezagi har bir uyda mavjud bo‘lgan. Eng katta so‘zanalar bo‘yi va eni bir necha metrli bo‘lib, odatda, ular oilada katta to‘y yoki bayram munosobati bilan tikilgan.
Urf-odatlarga ko‘ra, o‘zbek oilasida qiz bola tug‘ilsa, onasi unga atab so‘zana tika boshlagan. Keynchalik, ushbu so‘zana qiz bolaning nikoh to‘yiga sovg‘a bo‘lgan.
Qizlar esa o‘z so‘zanalarini 10-12 yoshdan tika boshlaganlar va uni nikoh to‘yiga qadar yakunlashlari kerak bo‘lgan. Odatda so‘zana ustida ish oxiriga yetkazilmagan. Bu — kelinning kelajakda qiz ko‘rish niyati borliginini anglatgan. Ya’ni qizaloq onasi boshlagan ishni davom ettirishi mumkinligi ma’nosini ifoda etgan.
O‘zbekiston amaliy sa’atining benuqson namunalarini ko‘rishni istagan moskvaliklar va shahar mehmonlari 25-sentabrga qadar ko‘rgazmaga tashrif buyurishlari mumkin.