Moskva markazida bankni qo‘lga olgan jinoyatchi unga Putin kerakligini aytgan

© Sputnik / Ramil Sitdikov / Mediabankka o‘tishMoskvadagi banklarning biriga noma’lum shaxs hujum uyushtirdi
Moskvadagi banklarning biriga noma’lum shaxs hujum uyushtirdi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bankrotga uchragan bir biznesmen qo‘lida bombani eslatuvchi qurilma bilan Moskva markazida joylashgan banklarning birini qo‘lga olmoqchi bo‘ldi. Sputnik nashri bunday xatarli ishga qo‘l urgan erkakning kimligini aniqlash uchun jurnalistik surishtiruvni o‘tkazdi.

TOShKENT, 25 avg —Sputnik. Kuni kecha Moskva shahridagi Bolshaya Nikitskaya ko‘chasida joylashgan Sitibank bo‘limini 55 yoshli, bankrotga uchragan biznesmen Aram Petrosan qo‘lga oldi. Jinoyatchi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning e’tiborini tadbirkorlar muammosiga qaratish uchun shunday harakatga qo‘l urganini ma’lum qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hujumdan bir necha soat oldin biznesmen Rossiya hukumatiga videomurojaat yo‘llagan va unda amaldagi bankrotlik to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishni talab qilib, "jismoniy va yuridik shaxslar bankrotlik instituti"ni tashkil etishni taklif qilgan.

"Bankrotlik — bu kasallik" nomi bilan Yutub tarmog‘i orqali tarqatilgan videorolikda erkak kamera qarshisida asabiy holatda u yoqdan-bu yoqqa harakatlangancha ta’sirli nutq so‘zlagan.

"Prezidentga murojaat"ida Petrosan "endi yo‘qotadigan narsasi yo‘qligi bois, jinoyat kodeksini olamshumul tarzda buzishini" aytib tahdid qilgan. Bundan tashqari, u Putindan unga "jamoat advokati" bo‘lishni so‘ragan.

"Men nega bunday ishga qo‘l urapman? Chunki Rossiyada katta, yo‘q, ulkan muammo mavjudligini sizlarga yetkazishning boshqa bir yo‘li qolmadi. Bu muammo xuddi vabo, xuddi o‘lat kabi xalqimizni egarlab olgan. Gap yuridik va jismoniy shaxslarning bankrotligi haqida bormoqda", — degan biznesmen o‘zining videomurojaatida.

Petrosan tibbiyotga oid mahsulotlarni ishlab-chiqarish bilan shug‘ullangan. 2012-yilda biznesida muammolar paydo bo‘lgan va u qulog‘igacha qarzga botgan. Tadbirkorning o‘zi va guvohlarning aytishiga qaraganda, uning bo‘ynidagi kredit bo‘yicha qarzi ikki million rubldan ortiq bo‘lgan.

Holiga voy biznesmen

Aram Petrosan 1961-yilning 8-martida Yerevanda tug‘ilgan. Ayni vaqtda u "Memp-Ukol" kompaniyasi bosh direktori hamda organik kimoviy moddalar ishlab-chiqarish bilan shug‘ullanuvchi "Searko" kompaniyasi sherik rahbarlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari uning tibbiy asbob-uskunalar ishlab-chiqaruvchi "Obereg" direktori hisoblanadi.

Medikamentlarni ishlab-chiqaruvchi "Searko" kompaniyasining soliq bo‘yicha katta qarzi bor. 2012-yilda kompaniyaga qarshi tartibot yuritilgan, 2014-yilda esa qarzdorni topish iloji bo‘lmagani uchun bu ish to‘xtatilgan.

2012 yilda kreditni to‘lamaganligi uchun Petrosanning o‘ziga qarshi tartibot ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo huquq posbonlari biznesmenni izlab topisholmagani uchun 2015-yilda bu ish ham to‘xtatilgan.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Petrosan Tula viloyatidagi tumanlardan birida istiqomat qiladi. Bu ma’lumot IIBBning hududiy bo‘linmasi tomonidan tekshirilmoqda.

Jinoyat va jazo

Chorshanba kuni kechqurun Petrosan to‘rt kishini garovga olib, politsiyachilar u bilan muzokara olib borishlarini talab qilgan, yo‘qsa binoni portlatishini aytgan. "Alfa" guruhi veterani Igor Shevchuk jinoyatchi taslim bo‘lmay turiboq, portlovchi modda mulyaj ekanligini aytgan.

Erkak hujum uyushtirishdan oldin Sitibank xodimlariga o‘z rejasi bilan o‘rtoqlashgan.

"Erkak tushlikdan so‘ng bankdagi o‘rindiqlarning birida o‘tirgan edi. Bir vaqt u bank xodimasi yoniga borib, undan bank boshqaruvchisini chaqirishni so‘radi. Shundan so‘ng bank faoliyatiga hech qanday e’tirozi yo‘qligini, pul olish niyati ham yo‘qligini, shunchaki, bankni qo‘lga olmoqchiligini aytdi", — deb xabar qilgan bir manba RIA Novosti nashriga.

Bosqinchining ko‘ksida katta sariq quti osilgan bo‘lib, u masofadan qaraganda portlovchi moddani eslatgan. Natijada esa "bomba" deb o‘ylaganlari oddiy mulyaj bo‘lib chiqqan.

E’tiborlisi, qo‘lga olish vaqtida Petrosan garovga olinganlarga birinchi tibbiy yordam to‘plamlarini tarqatib chiqqan.

Petrosan garovga olinganlarni bitta-bitta qo‘yib yuborgan va shundan so‘ng o‘zi ham taslim bo‘lgan.

Huquqni muhofaza qilish organi xodimlari RIA Novosti nashriga bergan ma’lumotga ko‘ra, Petrosan jazodan ozod qilinishi mumkin. Negaki u odamlarni o‘z xohishi bilan qo‘yib yuborgan va politsiyachilarga taslim bo‘lgan. Faqat tergov qo‘mitasi erkak psixiatrik ekspertizadan o‘tishini talab qilishi va uni majburiy davolanishga yuborilishi aytilmoqda. Ushbu ish bilan Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati shug‘ullanishi mumkin, deb yozgan nashr.

Yangiliklar lentasi
0