Rossiya Mudofaa vaziri qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini tekshirishni buyurdi

Obuna bo‘lish
U shuningdek mudofaa vaziri o‘rinbosari Tatyana Shevsovaga “boshqaruv organlari va Janubi-g‘arbiy strategik yo‘nalishdagi qo‘shinlarni tinchlik vaqtidan urush holatiga o‘tilganida moliyaviy ta’minlash tizimini tekshirishni tashkillashtirish”ni buyurdi.

TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu xorij mamlakatlari harbiy attashelarini qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi bo‘yicha kutilmagan tekshiruv o‘tkazilishi haqida xabardor qilishni buyurdi.

"Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anatoliy Antonovga xorijiy davlatlarning harbiy attashelarini qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi bo‘yicha kutilmagan kompleks tekshiruvi o‘tkazilishi haqida xabardor qilishni buyuraman", — dedi Shoygu.

U shuningdek mudofaa vaziri o‘rinbosari Tatyana Shevsovaga “boshqaruv organlari va Janubi-g‘arbiy strategik yo‘nalishdagi qo‘shinlarni tinchlik vaqtidan urush holatiga o‘tilganida moliyaviy ta’minlash tizimini tekshirishni tashkillashtirish”ni buyurdi.

Bosh shtabning ikki guruhi oliy bosh qo‘mondonning payshanba kuni qabul qilgan qaroriga asosan Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarini kutilmagan tekshiruvdan o‘tkazilishini nazorat qiladi, dedi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu.

"Rossiya Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni tomonidan yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida Bosh shtabga qo‘shinlarning faoliyatini nazorat qilish va tekshiruv tashkil etishni buyuraman. Bu borada ikkita ishchi guruh shakllantirilsin", — dedi Shoygu rahbariyat tarkibi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi guruh Janubiy, G‘arbiy va Markaziy harbiy okruglar, havo-desant qo‘shinlari va harbiy transport aviatsiyasi, harbiy boshqarma organlarini tekshirish uchun tashkil etiladi. Ikkinchi guruh esa mobilizatsiya jarayoni va sifatini baholaydi.

Bundan tashqari, vazir quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoniga “quruqlikdagi qo‘shinlarni mashg‘ulotlarda amaliy tayyorlash ustidan boshqaruvni ta’minlash va janubiy harbiy okrug boshqaruvining urush holatida hududiy mudofaa qo‘shinlarini tashkil etish bo‘yicha bergan topshirig‘i bajarilishini tekshirish” vazifasini qo‘ydi.

"Harbiy-dengiz floti qo‘mondoni Qora dengiz floti va Kaspiy flotiliyasining jangovar tayyorgarligi, harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi yuzasidan nazoratni tashkil etsin. Havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni Janubiy harbiy okrug poligonlarida zenit raketa qo‘shinlari bo‘linmalari va aviatsiyaning amaliy mashg‘ulotlariga tayyorgarlikni tashkil etish va bajarish vazifasi yuklatilsin", — dedi vazir. Mudofaa vaziri havo-desant qo‘shinlari qo‘mondoniga qo‘shinlarning notanish poligonlarda harakatlanishga tayyor holatda bo‘lishi yuzasidan choralar ishlab chiqishi lozimligi haqida topshiriq berdi.

"Amaliy harakatlar chog‘ida desantlarning turli holatlarga tayyor bo‘lishlari o‘rganib chiqilsin. Bu jarayonda harbiy-transport aviatsiyasi va transport vertolotlari ham ishtirok etishi ko‘zda tutilsin", — qo‘shib qo‘ydi Shoygu.

Qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini kutilmaganda tekshiruvdan o‘tkazish payshanba kuni Oliy bosh qo‘mondonning qaroriga ko‘ra e’lon qilindi. Tekshiruv 31-avgust kuni nihoyasiga yetadi.

Yangiliklar lentasi
0