TOShKENT, 24 avg – Sputnik. O‘zbekiston Parlamenti yuqori palatasi tomonidan qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun kollej bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratishni ko‘zda tutadi. "Qonunda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun zaxira ish o‘rinlarini yaratish majburiyati meyor sifatida belgilab qo‘yilgan”, deb xabar berdi senat matbuot xizmati. Ko‘zda tutilgan ish o‘rinlarini yaratishdan bo‘yin tovlagan korxonalar rahbarlari ma’muriy jarimaga tortiladi.
O‘zbekiston mehnat vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda har yili kasb-hunar kollejlari, litsey va oliy ta’lim dargohlarini 560 mingdan ortiq yoshlar bitiradi. Respublika hukumati yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Har bir bitiruvchi bilan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash va keyinchalik ishga qabul qilish bo‘yicha uch tomonlama shartnomalar tuzilishi ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimi uch bosqichni: umumiy o‘rta ta’lim (umumta’lim maktabida 9-yillik ta’lim), o‘rta-maxsus ta’lim (litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olish) va oliy ta’lim (oliygohlarda bakalavr yoki magistr darajasini olish) o‘z ichiga oladi.