TOShKENT, 24 avg – Sputnik. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi xabariga ko‘ra, 2016-yilda O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasidan to‘liq foydalaniladi.
2015 yilda Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi 5200 o‘rinni tashkil qilib, u to‘liq ishlatilgan edi. 2016-yilda ham ushbu kvota 5200 kishi miqdorida saqlanib qoldi.
“Bu yili ziyoratchilar “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining “Boing” rusumli havo kemalarida Toshkent, Namangan, Buxoro, Urganch, Qarshi va Samarqand shaharlaridan amalga oshirilishi rejalashtirilgan charter reyslarda 24-avgust — 4-sentabr kunlari jo‘nab ketishadi, 17-28 sentabr kunlari qaytib kelishadi”, — deyilgan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi xabarida.
Xabar davomida, bugun 24-avgust kuni dastlabki guruh — haj delegatsiyasi, ishchi guruhi a’zolari, shifokorlar, oshpazlar va ziyoratchilardan iborat jami 450 dan iborat odam Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘nab ketgani ham xabar qilingan.
Bu yilgi ziyoratchilar guruhi orasida Toshkent islom universitetining “Ziyo” studiyasi vakillari ham borligi va ular safar davomida hojilar hayotini yoritib borishlari va ushbu reportajlar “O‘zbekiston” telekana li orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun haj ziyorati juda yuqori darajada tashkillashtirish odatiy holga aylangan. Ziyoratchilar guruhi bilan birga o‘z oshpaz va shifokorlarining borishi, mehmonxonadan ziyoratgohlarga uyushtirilayotgan barcha safarlar buyurtma berilgan avtobuslar va o‘zbekistonlik tashkilotchilar yordamida amalga oshirilishi – ziyoratchi ota va onaxonlarga xavfsizlik va qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Saudiya Arbistoni Haj vazirligi ham O‘zbekiston haj va umra safarlarini MDH davlatlari orasida namunali darajada amalga oshirayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan edi.