TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida noqonuniy migratsiya oqimini tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi Qozog‘iston MXQ matbuot xizmati.
“Qoplonbek” chegara punkti nazoratchilari tomonidan hujjat tekshirish jarayonida o‘zbekistonlik 6 nafar shaxsning hujjatlaridagi migratsion politsiya muhri soxta ekanligi aniqlandi.
"Tekshiruv tadbirlari chog‘ida o‘zbekistonlik har bir fuqarodan 160 000 o‘zbek so‘mi olib, ularga davlat chegarasini to‘sqinliksiz kesib o‘tishiga yordam bergan Qozog‘iston fuqarosi aniqlandi", — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, Qozog‘iston fuqarosi olgan pullarini o‘zbekistonliklarga qaytargan va xolislar ishtirokida o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
Noqonuniy migratsiya oqimiga chek qo‘yildi. Ayni paytda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.