TOShKENT, 24 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik Olimpiada qatnashchilari Rio-de-Janeyrodan uyga qaytishdi. Toshkent ko‘chalariga ko‘plab odamlar sportchilarni kutib olishga chiqishdi, deb xabar qilmoqda “Voditeli Tashkenta” guruhi.
Riodan O‘zbekiston Havo yo‘llarining maxsus reysi bilan uchib kelgan samolyot Toshkent aeroportiga soat 20:20 da qo‘ndi. Aerportda sportchilarni O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Senat raisi Nigmatilla Yo‘ldoshevlar kutib olishdi.
Sportchilarni shahar ko‘chalari bo‘ylib maxsus tayorlangan ikki qavatli avtobuslarda olib o‘tishlari ham oldindan e’lon qilingan edi. Kun davomida barcha ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar sportchilarni kutib olishga bir-birlarini taklif qilishdi. Kechqurun minglab poytaxt aholisi sportchilarni kutib olish uchun shahar ko‘chalariga chiqishdi. Sportchilar avtobusi ko‘chalar bo‘ylab o‘tarkan, bacha ularni “Biz siz bilan faxrlanamiz”, “O‘zbekiston” deya baqirib, olqishlashdi.
Avtobus so‘nggi bekati Miliy Olimpiya qo‘mitasi binosi oldida sportchilar sharafiga guldiros qarsaklar chalindi.
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov seshanba kuni barcha Olimpiada g‘oliblarini taqdirlash haqida qaror chiqardi. Sportchilarga taqdim etiladigan mukofotlar umumiy qiymati — 1,525 mln dolloarni tashkil qildi. Qarorda aytilishiga qaraganda Olimpiadada oltin medal olgan sportchilar 200 ming dollar, kumush medal olgan sportchilar 100 ming dollar va bronza medal olgan sportchilar 75 ming dollardan mukofot olishi qayd qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Braziliyada bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston olimpiya jamoasi 4 oltin, 2 kumush va 7 bronza medali bilan mamlakatlar orasida 21 o‘rinni egalladi. O‘zbekiston bokschilari esa – dunyoda eng kuchli jamoa nomini oldi.