TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Taniqli tadbirkor, moda magazinlari egasi Liliya Rax O‘zbekiston fuqarosini o‘g‘irlashda gumon qilinmoqda, deb xabar berdi Almati ichki ishlar departamenti matbuot xizmati, newskaz.ru xabariga asosan.
Liliya Rax inson hayoti yoki sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan kuch ishlatish yo‘li bilan avvaldan til biriktirib bir guruh shaxslar bilan g‘arazli maqsadda odam o‘g‘irlashda gumon qilinib hibsga olingan.
"2016 yilning 9-iyul kuni Almati shahri politsiyasiga N. ismli fuqaro 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosining bedarak yo‘qolganligi haqida murojaat qilgan. Tezkor qidiruv-surishtiruv tadbirlari chog‘ida erkak o‘g‘irlab ketilganligi va ijaraga olingan xonadonlardan birida majburan ushlab turilganligi aniqlandi. Politsiya xodimlarining samarali harakati natijasida qidiruvdagi shaxsning turgan joyi aniqlandi va u ozod qilindi", — deyiladi departament xabarida.
Departamentning ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etishda gumon qilinib to‘rt nafar kishi, jumlada Liliya Rax ham shahar IID uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Tergov tugaguniga qadar gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlanishi belgilab qo‘yildi.
Liliya Rax — moda eksperti, Sauvage Group kompaniyasi muassisi, kiyim magazinlari egasidir. 2015-yilda Business of Fashion internet nashri Liliya Raxni moda sanoatidagi eng ta’siri kuchli 500 nafar inson qatorida e’tirof etgan.