Daewoo va Hyundai Tolimarjon IESni yangiladi

© UzbekenergoToshkentdagi IES
Toshkentdagi IES - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shartnomaga ko‘ra, konsorsium stansiyada 450 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasini bitkazib topshiradi. Bug‘-gaz qurilmasi Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi.

TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Janubiy Koreyaning Daewoo va Hyundai konsorsiumi Qashqadaryo viloyatidagi Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida (IES) yangi bug‘-gaz qurilmasini foydalanishga topshirdi, deb ma’lum qildi stansiya direktori Abdusami Normo‘minov.

"Quvvati 450 MVt bo‘lgan yangi BGQning montaj-o‘rnatish ishlari yakuniga yetdi, tizimga elektr energiyasi uzatish boshlandi", — dedi Normo‘minov. Uning aytishicha, dekabr oyida xuddi shunday quvvatga ega yana bir BGQ qurilishi nihoyasiga yetadi.

2013 yil martida Daewoo va Hyundai tender natijalariga ko‘ra “O‘zbekenergo” AJ bilan Tolimarjon IESni modernizatsiya qilish bo‘yicha qiymati 861 million dollarlik shartnoma imzolagan edi. Shartnomaga ko‘ra, konsorsium stansiyada 450 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasini bitkazib topshiradi. Bug‘-gaz qurilmasi Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi. Loyihaning ishga tushirilishi stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tannarxini 30 foizga kamaytiradi.

Umumiy qiymati 1,28 milliard dollarni tashkil etuvchi loyiha Osiyo taraqqiyot bankining 350 million, Yaponiya xalqaro taraqqiyot agentligining (JICA) 300 million, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot fondining 250 million dollarlik krediti hamda “O‘zbekenergo” AJning mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

2004 yil dekabrida “O‘zbekenergo” Tolimarjon IESda loyiha quvvati 800 MVtli birinchi energoblokni ishga tushirgandi. Yangi BGQlar ishga tushirilishi natijasida IESda elektr energiyasi ishlab chiqarish 2,3 baravar oshib, yiliga 10,4 milliard kVt soatga yetadi. Hozirda 2022-yilgacha shunday quvvatga ega yana ikkita BGQni qurish loyihasi tayyorlanmoqda, bu esa IESda elektr quvvati ishlab chiqarishni yiliga 20,4 milliard kVt soatga yetkazadi.

Yangiliklar lentasi
0