TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Turkiya Rossiyaga Suriya shimolidagi Jarablus shahrini ozod qilish uchun “Islom davlati”ga qarshi operatsiya o‘tkazishi haqida ma’lum qildi, deb xabar beradi RIA Novosti NTV telekanaliga asoslanib.
"Jarablusda operatsiya boshlanishi haqida Rossiya xabardor qilingan", — deyiladi telekanal saytidagi xabarda.
"Jarablusdagi operatsiya turk chegaralarini terrorchilik guruhlaridan tozalash va Suriya hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan", — deya turk amaldorlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
Hukumat harbiy operatsiya yangi migratsion oqimning oldini olish hamda tinch aholiga insonparvarlik yordami yetkazishga qaratilganini ta’kidladi.
Ilgariroq Turkiya armiyasi chorshanba kuni ertalab koalitsiya samolyotlari qo‘llab-quvvatlashi ostida shaharni ozod qilish bo‘yicha harbiy operatsiya boshlagani xabar qilingandi. Anadolu agentligi Turkiya HHK Jarablusda ID jangarilariga qarshi aviazarbalar berganini ma’lum qildi.
Daily Sabah gazetasining xabariga ko‘ra, Turkiya TIV rahbari Mavlut Chovusho‘g‘li turk hukumati shaharni IDdan ozod qilish bo‘yicha operatsiyada har qanday yordamga tayyorligini ma’lum qilgan. Nashr jangarilarga hujum tez orada boshlanishini bildirgan.
Wall Street Journal gazetasining ma’lum qilishicha, AQSh turk hukumati qo‘llab-quvvatlayotgan isonchilarga IDga qarshi kurashda harbiy yordam ko‘rsatish masalasini ko‘rib chiqmoqda.