TOShKENT, 20 avg — Sputnik. Rio-de-Janeyroda hozirgina tugagan boks final jangida, 75 kg vazn toifasida qatnashayotgan O‘zbekistonlik Bektemir Melikuziyev “kumush” medal sohibi bo‘ldi.
Mashaqqatli jangda 20 yoshli O‘zbekistonlik bokschi ustidan 23 yoshli kubalik charm qo‘lqop ustasi ustun keldi. Bektemir jang oxiriga qadar qattiq kurashdi, lekin hakamlar g‘alabani raqibga berishdi.
O‘zbekiston sovrinlar to‘plamiga qo‘shilgan “kumush” medal uchun Bektemirga minnatdorchilik bildiramiz va kelajakda ulkan zafarlar tilab qolamiz.
Olimpiadaning bugungi kunida O‘zbekistonlik sportchilar yana bir necha musobaqalarda qatnashishdi.
Tayekvondo bo‘yicha jahon chempioni o‘zbekistonlik Dmitriy Shokin bugun ikki jangda, xitoylik va kubalik tayekvondochilar ustidan g‘olib chiqib yarim finalga yetib keldi. Yarim finalda Dima Nigeriyalik Issoufou Abdoulrazak bilan bellashdi. Afsuski bahs nigeriyalik sportchi g‘alabasi bilan tugadi.
Undan tashqri kecha O‘zbekistonlik kanoe-ikkiligi saralash bahsidan muvaffaqiyatli o‘tib finalga chiqqan edi. Bugun bo‘lib o‘tgan final bahsida 11 juftlik orasida o‘zbekistonlik Gerasim Kochnev va Serik Mirbekovlar 8 o‘rinni egallashdi. Ushbu musobaqada birinchida Germaniya, uchinchi Ukraina, beshinchi Rossiya ikkiligi bo‘ldi.