TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Sakkiz kishi modernizatsiya qilingan "Soyuz" kosmik kemasi bortida Oyga sayyohat uyushtirish istagini bildirdi, deb xabar qilgan "Izvestiya" nashri. RIA Novosti xabari asosida.
Nashrda aytilishicha, bu haqda "Energiya" raketa-kosmik korporatsiyasi bosh direktori Vladimir Solnsevning o‘zi xabar qilgan.
Orbital stansiyaga kosmik-sayyohlarni yuborish bilan shug‘ullanuvchi Space Adventures (SA) korporatsiyasi Oyni o‘z ko‘zlari bilan tomosha qilish istagida bo‘lgan mijozlarni 2010-yildan buyon qidirib kelayotgan edi, deyiladi xabarda.
"Bizda "Soyuz" fazo kemasini modernizatsiya qilish bo‘yicha dastlabki loyihasi bor. U oyga ekspeditsiyalar tashkil qilishni hisobga olgan holda yaratilgan. Shu tariqa, modernizatsiya qilingan "Soyuz" Oyga qisqa sayohatni amalga oshirishi mumkin. Hozirda bizga Yer sayyorasi yo‘ldoshini tomosha qilish istagini bildirgan sakkiz nafar mijoz murojaat qilgan. Ular bu sayohat uchun katta pul to‘lashga tayyor ekanliklarini bildirganlar", — deb qo‘shimcha qilgan kompaniya rahbari.
Bosh direktorning so‘zlariga ko‘ra, Oyga sayohat uyushtirish istagini bildirgan birinchi kishi bu rejissor Jeyms Kemeron bo‘lgan. Bundan tashqari, yaponiyalik bir oila ham bu sayohatga qiziqayotganini bildirgan. "Energiya" raketa-kosmik korporatsiyasi, sayyohlar soni yetarlicha yig‘ilishi bilan keng ko‘lamli ishni hayotga tatbiq etishga kirishishi ma’lum qilinmoqda.
SA kompaniyasidagi manbaning nashrga bergan xabariga ko‘ra, hozirda Oyga sayohat uchun chipta narxi 150 million dollardan 120 million dollarga tushirilgan.
"Bu loyihaga qiziqish bor. Odamlar noyob tajriba uchun katta pul to‘lashga rozi. Hozirda kompaniya o‘z mijozlarini Oyga ilk sayohat 2020-yilga qadar amalga oshirilishi mumkinligi haqida xabardor qilmoqda", — degan suhbatdosh.
"Energiya" raketa-kosmik korporatsiyasi — Rossiyada boshqariladigan kosmik tizimlar bosh tashkilotidir. Korporatsiya avtomatlashtirilgan kosmik va raketa tizimlarini, kosmik bo‘lmagan sohalarda foydalaniladigan yuqori texnologiyali tizimlarni yaratish ustida ish olib boradi.