TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Qamchiq dovoni ostidan o‘tgan yangi tunnel orqali Toshkent va Farg‘ona vodiysi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan ilk yo‘lovchilar poyezdining qatnovi 27-avgustdan boshlab amalga oshirilishi mumkin, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Muxbirning aytishicha, yangi poyezdning ishga tushirilayotgani haqida ma’lumotni temir yo‘l kompaniyasidagi bir manba tasdiqlagan. Shu bilan birga, u birinchi tarkib aynan qaysi sanada ishga tushirilishini aniq aytolmagan.
Ammo Tvitter foydalanuvchilaridan biri ilk yo‘lovchi poyezdi qaysi sanada yo‘lga chiqishi haqida ma’lumot beruvchi hujjatni joylashtirgan. Internetda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent-Angren-Orzu-Pop-Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanadigan ilk tarkib 27-avgust kuni soat 8:30da Toshkentdan yo‘lga chiqishi kutilmoqda.
Poyezd 12ta yo‘lovchi vagonidan iborat bo‘ladi. Poyezd Toshkentdan Farg‘onagacha bo‘lgan masofani qancha vaqtda bosib o‘tishi va chiptalar narxi qancha bo‘lishi hozircha xabar qilinmayapti.