TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Toshkentning Farhod bozorida tasvirga olingan suratlar internet foydalanuvchilari orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda, deb xabar qilgan "Potrebitel.uz".
Suratlardan ko‘rinib turibdiki, mors sotuvchi ayol shubhali suyuqlik solingan bak ichida bir marta ishlatishga mo‘ljallangan (ishlatilgan!) plastik stakanlarni yuvmoqda.
Odamlarning keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan bu suratlar sayt a’zolaridan biri tomonidan yuklangan.
Iste’molchilarning so‘zlariga ko‘ra, shaharda bu kabi holatlarga deyarli har qadamda guvoh bo‘lish mumkin. Guvohlardan birining aytishicha, mors yoki kvas sotuvchilari har kuni kechqurun kun davomida foydalanilgan yelimdan yasalgan idishlarni bir joyga to‘playdilarda, yuvib, ertasi kuni yana undan foydalanadilar.
"Ha, bu biz uchun yangilik emas, Chilonzor bozorida xuddi shunday stakanlarda malina sotishadi. Idish yangi emasligi, kunday ravshan", — deya izoh qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Unga javoban boshqa bir iste’molchi odamlarga foydalanilgan stakanni axlat chelagiga tashlashdan oldin, yaxshilab g‘ijimlashni maslahat bergan. Ammo boshqa iste’molchilar shu zahoti unga javoban salqin ichimlik sotadiganlar ishlatilgan plastik idishlarni qanday mahorat bilan "to‘g‘rilayotganliklari"ga ko‘p marotaba guvoh bo‘lishganini aytishgan.