TOShKENT, 10 avg — Sputnik. Oxirgi 15-yil davomida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 35 % oshdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga “O‘zbekenergo” AJ vakili.
Bir oila tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasi hajmi 2000-yilda 114 kVt/soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 160 kVt/soatga yetdi. Ustiga ustak 1990-yilda respublikadagi umumiy elektr iste’moli tarkibida aholi iste’moli 10,3 % ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 13,9 % ni tashkil qildi, 2015-yilda esa – 25,2 %ga yetdi.
“Aholi tomonidan elektr iste’moli hajmi oshayotganini biz har yili qayd qilmoqdamiz. Birinchidan bu aholi soni o‘sishi bilan bog‘liq. Ikkinchidan esa, aholining farovonligi o‘sishi ham sabab. Oilalarda ko‘proq zamonaviy maishiy texnika paydo bo‘lmoqda. Uzatilayotgan elektr quvvatining sifati bo‘lsa, tarmoqlarni zamonaviylashtirish tufayli, barqarorlashmoqda. Ushbu omillarning barchasi birgalikda, iste’mol qilinayotgan elektr quvvatining hajmini oshirdi”, — dedi suhbatdosh.
Ushbu munosobat bilan, ayni damda, “O‘zbekenergo” energetika sohasini rivojlantirishga katta e’tibor bermoqda. Mavjud bo‘lgan generatsiya quvvatlarini yangilash, qayta tiklanadigan energiya manbaalardan foydalanish sohalarida bir qator innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, 2015-2019 yillarda respublikada yonilg‘idan samarali foydalanish va elektr uzatish tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan qator choralar tadbiq qilindi. Ushbu tadbirlar tufayli 2016-yilda 145,8 mln metr kub tabiiy gaz, 107,5 mln kVt/soat elektr energiyasi, 16,2 ming Gkal issiqlik energiyasi va 144,4 tonna neft mahsulotlari tejab qolindi.
2016 yilning birinchi yarmida “O‘zbekenergo” korxonalari 23 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yetkizib berdi.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi 55 mlrd kVt/soatdan oshdi. Undan 5,9 mlrd kVt/soati gidro elektr stansiyalarida, 49,3 mlrd kVt/soati – issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. 1,2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi “O‘zbekenergo” tarkibiga kirmaydigan elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi.