TOShKENT, 11 avg — Sputnik. Shu bugun Saudiya Arabistoni g‘arbiy qismida joylashgan Jidda shahrida Makkadagi Al Haram masjidida kran qulashi bo‘yicha sud ishi boshlandi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
O‘tgan yilning 11-sentabrida Makkadagi Al Haram masjidida qurilish krani odamlar ustiga qulashi oqibatida 109 kishi halok bo‘lib, 230 dan ziyod odamlar jarohat olgan edi. Hodisa yuz bergan kuni Makkada 2600dan ziyod o‘zbekistonlik ziyoratchilar bo‘lgan, ammo ularning birortasiga ziyon yetmagan.
Qirollik saroyi esa ushbu hodisaga kuchli shamol va kranning noto‘g‘ri joylashuvi sabab bo‘lgan, deya bayonot qilgan.
Saudi Gazette nashri xabariga ko‘ra, kran qulashi tufayli boshlangan sud jarayonida 14 kishi ishtirok etmoqda. Ularning 6 nafari saudiyachilar (ularning biri milliarder), 2 nafari pokistonlik, qolganlari Iordaniya, Filippin, Kanada, Palestina, Misr va BAA fuqarolaridir.
Bunga qadar tarqatilgan xabarlarda Saudiya Arabistoni Bosh sudi qarshisida namoyon bo‘ladigan ayblanuvchilar soni 40 nafar bo‘lishi aytilgan edi.
Umumiy qiymati 14 milliard dollarni tashkil qiluvchi masjid maydonini kengaytirish loyihasini Usama Bin Lodin oilasiga qarashli Saudi BinLaden Group kompaniyasi amalga oshirib kelayotgan edi.