TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Toshkentlik fuqaro O‘zbekiston Havo yo‘llari, O‘zbekiston Temir yo‘llari va Bosh vazir nomiga xat yozib, shaharda tramvay harakatini qayta tiklashni taklif qildi, deb xabar qilmoqda Nuz.uz nashri.
Ravshan Hamidov Toshkent aeroporti va vokzali orasida shattl qatnovi tashkil qilishni taklif qilmoqda. G‘oya muallifining fikriga ko‘ra, transport vositasi sifatida — tramvay mos keladi.
“Bugun men bosh vazir, O‘zbekiston Havo yo‘llari va O‘zbekiston Temir yo‘llariga xat yo‘lladim. Men aqldan ozgan bo‘lishim mumkin, lekin harakatda barakat deganlaridek, balkim tramvayni hech bo‘lmasa shu ko‘rinishda saqlab qolishga muvaffaq bo‘larmiz. Ularning javobini kutib turaylikchi”, — deb izoh berdi Ravshan Hamidov.
“Pisma o Tashkente” internet sahifasida ham chop etilgan ushbu xat, foydalanuvchilarning qiziqqon muhokamasiga sabab bo‘ldi.
“Toshkent aeroportining yangi terminali oldida tramvayning oxirgi bekati qurilishi mo‘ljallangan. Undan mahalliy aeroport oldiga tramvay yo‘lini davom ettirish kerak. Yangi terminal tashqi ko‘rinishini buzmaslik uchun, 500-800 metrli yer osti yo‘li qurish kerak. Mahalliy aeroport terminali oldida esa — yer sathi darajasida aylana platforma qurish mumkin”, — deyilgan xatda.
Ravshan Xamidov o‘z tashabbusini mansabdor shaxslar e’tiboriga yetkiza olgan yoki olmagani keyinroq ma’lum bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar rahbariyati ushbu yilning aprel oyida barcha tramvay yo‘nalishlarini yopish haqida qaror chiqargan edi. Bir oy davomida Toshkentdagi barcha tramvay yo‘llari berkitilib, relslar olib tashlangan edi. 2-may kuni Toshkentda, Beshqayrog‘och massivi va Ippodrom orasida qatnovchi, 17 raqamli eng oxirgi tramvay yo‘nalishi yopildi. Tramvaylar o‘rnida ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Isuzu avtobuslari harakati yo‘lga qo‘yildi.