TOShKENT, 10 avg — Sputnik. Brus Li falsafani hayotining ajralmas qismi, deb hisoblagan. Uning 1968-yilgi falsafiy yozuvlarini chop etgan sayt ma’lumotiga ko‘ra, Li miyasiga kelgan fikrni yozib qo‘yish uchun hatto mashg‘ulotlarini to‘xtatib turardi. Quyida uning bir necha falsafiy mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Iroda haqida
"Men miyamning barcha bo‘limlari uchun irodani oliy sud sifatida tan olib, menga biror maqsad bilan harakat qilish lozim bo‘lganda undan turki sifatida har kuni foydalanaman; men bir kunda bir marta bo‘lsa ham uni qo‘llashni odat tusiga aylantiraman".
His tuyg‘ular haqida
"His tuyg‘ular ham ijobiy ham salbiy bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, men ko‘proq ijobiy his-tuyg‘ularni his qilishni odat tusiga aylantiraman va salbiy tuyg‘ularni biror foydali ishga yo‘naltirishga o‘zimga yordam beraman".
Hayot haqida
Hayotdan o‘zing kutganingdan ortig‘ini ololmaysan. Shu bois, fikrlaringni jamlab, nimani xohlashing va xohlamasliginghaqida aniq qarorga kelib ol. Atrofingda ro‘y berayotgan voqealarga xotirjam munosabatda bo‘l. O‘zing yo‘l qo‘ymasang, hech kim seni xafa qila olmaydi. O‘z ichki olamingda, psixologik darajada hech kim bo‘l".
Sharq yakkakurashi ustasi, kinoaktor, kinorejissor, produser va ssenariynavis Brus Li 1940-yilning 27-noyabrida San-Fransiskoda dunyoga kelgan. Brus Li bolaligidanoq kinoda suratga tusha boshlagan. U 19 yoshida AQShga yo‘l olib, u yerda san’at sohasida ta’lim olgan, Edison nomidagi Texnik maktabni tamomlab, Vashington universitetiga o‘qishga kirgan. Brus AQShda teleseriallarda suraga tusha boshlagan. Uning ishtirokidagi "Katta xo‘jayin" (1971) va "G‘azabnok musht" (1972) filmlari misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishgan.
Brus Li 1973-yilning 20-iyulida Gongkongda bosh og‘rig‘i dorisini ichib, favqulodda hayotdan ko‘z yumgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aktorning miyasi dori tufayli shishib ketib, bu holat uni o‘limga olib kelgan.
"Ajdarhoning chiqishi" (1973) kartinasi Brus Lining so‘nggi filmi bo‘lib, u aktorning o‘limidan bir necha hafta o‘tib ekran yuzini ko‘rgan.