TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida joylashgan Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida xabar berilgan.
Marosimda Olimpiya shaharchasi meri, basketbol bo‘yicha Braziliya terma jamoasi tarkibida jahon chempionidek sharafli unvonga sazovor bo‘lgan Janet dus Santush Arkain so‘zga chiqib, O‘zbekiston delegatsiyasini XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga tashrifi bilan muborakbod etgan va barcha yurtboshlarimizga bo‘lajak musobaqalarda omad va zafarlar tilagan.
"Davlatimiz bayrog‘ini ko‘tarilishiga bag‘ishlangan tadbir xayotimdagi eng yorqin damlardan biri sifatida muxrlanadi. Ayniqsa, muzaffar bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarilganda qalbimni kuchli hayajon chulg‘ab oldi. Ko‘zlarimda quvonch yoshlari paydo bo‘ldi. Menimcha, bunday holatni bugungi tadbirda ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimiz qalblaridan o‘tkazdilar", — deydi Taekvondo bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Dmitriy Shokin.
“Bugungi tadbir qalbimizda ozod va obod yurtimizga bo‘lgan hurmat va extiromni, faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirdi. Biz to‘rt yillikning eng yirik sport bayramida ham O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini namoyon etishga astoydil bel bog‘laganmiz. Niyatimiz “Rio-2016” o‘yinlarida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, jonajon diyorimizga yorug‘ yuz bilan qaytish.”, — deydi yunon-rim kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi, jahon chempionati sovrindori Yelmurad Tasmuradov.