TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Xitoyda yo‘ldagi avtomobillar ustidan harakatlanuvchi ulkan avtobus sinovdan o‘tdi, Sinxua xabariga asosan.
Portal avtobusi deb nom olgan ushbu avtobusning uzunligi 22 metr, eni 7,8 metr va balandligi 4,8 metr. TEV-1 deb nom olgan avtobus seshanba kuni Xebey viloyatidagi Sinxuandao shahrida ilk bor sinovdan o‘tdi.
Avtobus yo‘lning ikki chekkasida o‘rnatilgan relslar ustida yuradi. Uning kengligi va balandligi avtobus ostidan bemalol ikki avtomobil harakatlanish imkonini beradi. Shu sababdan avtobus yo‘l tirbandligi sababchisi bo‘lmaydi.
Xitoylik injenerlar ushbu g‘oyani bir necha yildan beri taklif qilib kelayotgan edi, lekin buyurtmachilar tomonidan unga katta qiziqish sezilmadi. Beijing International High-Tech Expo ko‘rgazmasida avtobusning kichik modeli namoyish qilinganidan keyin ushbu nou-xauga qiziqish keskin oshdi. O‘shanda ishlab chiqaruvchilar TEV-1ning haqiqiysi sinovlar uchun avgustda tayor bo‘ladi deyishgan edi.
Avtobus saloni juda keng va qulay bo‘lib unga birdaniga 300tagacha yo‘lovchi sig‘ishi mumkin.