Ortiq Sultonovga bobosi xazina qoldirdi

© Foto iz lichnogo arxivaQiziqchi Ortiq Sultonov
Qiziqchi Ortiq Sultonov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Sobiq “Handalak”chi Ortiq Sultonov bugungi kunda komediya janridagi teleserialga qo‘l urdi. “Bobomning xazinasi” nomli ushbu kartina kuz mavsumida “Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilishi kutilmoqda.

TOShKENT, 2 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Handalak" teledasturi qahramonlaridan biri Ortiq Sultonov bugungi kunda izlanishda. Qiziqchining so‘zlariga ko‘ra, u kulgi shinavandalari va shunchaki yumor ixlosmandlari uchun  bir qator "surpriz"larni hozirlab qo‘ygan.

- Ortiq aka, kuz faslida taqdim etilishi rejalashtirilgan yangi asardan tomoshabin nimani kutishi mumkin?

— Bilasizmi bu asarning menga ma’qul bo‘lgan joyi nimada? Kartinada serial bosh qahramoniga rahmatlik bobosidan bir sandiq meros bo‘lib qolgan bo‘ladi va bosh qahramon Yo‘ldosh (ya’ni Ortiq Sultonov, tahr.) uni topishga harakat qiladi. Bir amallab xazina berkitilgan sandiqni qo‘lga kiritgach, uning ichida bor-yo‘g‘i oddiy kitob berkitilganini ko‘radi. Qahramonimga bobosi yurtimiz tarixiga oid noyob bir kitob qoldirgan bo‘ladi.

Nodir topilma haqida internet orqali xabar topgan tarixchi bir olim qahramonimdan o‘sha kitobni so‘rab keladi.

Yo‘ldosh esa “bobomizdan xazina qoldi deb, shuncha yelib-yugursamu, u kitob bo‘lib chiqdi”, deydi afsus bilan. Bunga javoban tarixchi “Biz xazina deganda — tillani, oltinu javohirlarni tushunamiz, bobolarimiz esa xazina deb ilm-ma’rifatni, kitobni tushungan. Qarang, biz qanchalik o‘zgarib ketdik”, — deydi…

Asar shu haqda. Ya’ni bobosidan xazina qolganini eshitgan qahramonimning uyqusidan orom yo‘qoladi. Bobosidan qolgan xaritadagi yozuvda xazina hovlining o‘rtasidagi yong‘oqdan kun botar tomonga qarab 12 qadam masofada yashirilgani yozilgan bo‘ladi. To‘qqiz qadamda esa qahramonimning hovlisi tugab, xazina qo‘shni hovliga o‘tib ketgani ma’lum bo‘ladi.

Shu boylikka ega bo‘lish uchun qahramonim turli xil ayyorliklarni o‘ylab topadi, hamma narsani unutib yuboradi, hatto insoniylik qiyofasini yo‘qotadi, pastkashlikkacha boradi shu xazinaga egalik qilish uchun.

Muallif Ismoil Shomurodov qalamiga mansub  “Bobomning xazinasi” asari rejissor Bahodir Yo‘ldoshev va qiziqchi-ijodkor Ortiq Sultonovlar ijodiy hamkorligida ikki fasldan iborat hajviy serialga aylantirildi.

- Sizning hayotingizda shunday voqea ro‘y berganida qanday yo‘l tutgan bo‘lar edingiz?

— Qo‘shnimni chaqirib, o‘sha xazinani olish uchun vaziyatni tushuntirgan bo‘larmidim, deymanda…

Shu o‘rinda bir latifa yodimga tushdi. Ruslarning mullasini, ya’ni pop deyiladi ularda, bir ayol bilan zino qilib turgan vaqtda tutishibdi-da, katta mullaning oldiga oborishibdi. Pop katta mulladan “mana shu ayol bo‘lganida, mening o‘rnimda siz nima qilgan bo‘lar edingiz”, deb so‘rabdi. Unga javoban katta mulla “nima qilmaslik kerakligini yaxshi bilaman, lekin o‘sha vaziyatda nima qilishim kerakligini men ham bilmayman”, deya javob qaytargan ekan.
Chindan  ham xazina bo‘lsa, kim biladi, balki men undanam battarroq holatga tusharmidim, kim bilsin…

© Foto ix lichnogo arxivaKulgi ustasi Ortiq Sultonov "Handalak"dan keyin o‘zini turli sohada sinab ko‘rapti
Kulgi ustasi Ortiq Sultonov Handalakdan keyin o‘zini turli sohada sinab ko‘rapti - Sputnik O‘zbekiston
Kulgi ustasi Ortiq Sultonov "Handalak"dan keyin o‘zini turli sohada sinab ko‘rapti

- Hozirgi kunda nimalar bilan shug‘ullanayapsiz?
— 2010 yilda — “Handalak” loyihasini to‘xtatganimizdan keyin o‘zimni turli sohalarda sinab ko‘rapman. Avval kinoda sinab ko‘rdim o‘zimni, endi esa mana serialda. Ayni damda yangi qiyofalar yaratish ustida ish olib borapman. Yangi loyihamning nomi “Uchrashuv 2” bo‘lib, bir soatlik bu asarda zamonaviy tadbirkordan tortib, qalbaki folbin va cholgacha bo‘lgan bir nechta qiyofalarni yaratganman. Grimm orqali, albatta. Demoqchimanki, bularning hammasi ijodiy izlanishlarim mahsuli. Ya’ni “Handalak”kacha o‘zimizni san’atda topgan bo‘lsak, hozir yana izlanishdamiz, o‘rta yoshligimizda o‘sha “Handalak”ka o‘xshagan, odamlarni yana hayratga sola olidagan bir ko‘rinish kashf qilish uchun tinimsiz ijod bilan bandman. “Bobomning xazinasi” seriali ham men hozir aytib o‘tgan izlanishim mevasi.

- Ortiq aka, aytingchi, sizda bir g‘oya tug‘ildi deylik. Uni amalga oshirish jarayoni qanday kechadi?
— G‘oyani amalga oshirish uchun birinchi navbatda shu g‘oyani qog‘ozga tushirib bera oladigan insonni izlayman, ya’ni muallifni. Men bilan hamkorlik qilayotgan o‘nlab yozuvchi, shoirlar bor, o‘shalarning biriga to‘xtalaman-da, keyin u bilan fikrni rivojlantirib, g‘oyani asar shakliga olib kelishga harakat qilaman. Bu orada qolgan mualliflar ham chetda turmaydi — hajvchi shoirlar asarga mo‘ljallab she’rlar yozadi, masalan, “Bobomning xazinasi”da Valijon Shamshiyevning qahramoni – qishloqda adabiyot muallimi, shoir bo‘ladi. Har bir gapini  qofiyalab gapirishga harakat qiladi. Shu sabab asosiy muallifdan tashqari yana bir nechta mualliflarimiz o‘sha qahramonning “tilini” yaratishga hissa qo‘shgan. Ikkinchi masala — rejissor masalasi. Misol uchun “Bobomning xazinasi” asarini ekranlashtirish g‘oyasi tug‘ilganda, jarayonni ishga tushirish uchun rejissor Bahodir Yo‘ldoshev (“Mardu-maydon” ko‘rsatuviga boshlovchilik qilgan, tahr.)ga shu asar orqali nima demoqchi bo‘lganimni tushuntirib, u bilan fikrlashganimdan keyin uchinchi bosqich – ya’ni aktorlar ansambli bilan ishlashga o‘tiladi.
Nazarimda, har bir yetuk ijodkorning ish jarayoni shunday kechsa kerak.

Keyingi vaqtlarda e’tibor berayotgan bo‘lsangiz, bu qo‘shiqlargayam, kinolargayam taalluqli — voqea ochilmay qolishi, fikr no‘noqligi yaqqol sezilyapti. Asar yoki qo‘shiq orqali ijodkor nima demoqchi bo‘lgan – mutlaqo tushunarsiz bo‘lib qoladi. Buning sababi nimada? Sababi, rejissorning o‘zi asarga mualliflik qilishga urinishi yoki deylik, qo‘shiqchi o‘zi matnni yozishga harakat qilishida.

Masalan, she’r yozish mening ham qo‘limdan keladi, lekin asarning bizni aqlimiz yetmaydigan, yozuvchi, shoirlar biladigan o‘ziga xos talablari bo‘ladi. Haqiqiy yozuvchi tomonidan yozilgan asargina — asar darajasiga ko‘tarilishi mumkin.
Har bir soha vakili o‘z ishiga professional yondashgandagina biror bir yutuqqa erishish mumkin.

- O‘zbekistonda hajvchi-yozuvchilardan qay birini alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardingiz?
— Ularning soni juda ko‘p, masalan Abdurazzoq Obro‘y, hajvchi-shoir, parodiyachi Murodali O‘tamali, surxondaryolik Nasrullo degan shoir ukamiz bor, u bilan telefon orqali bog‘lanib, SMSlashib turamiz. Ilhom, Zoyir degan yaxshi bir hajvchilarimiz bor, keyin o‘sha “Bobomning xazinasi”, “Uchrashuv”ni yozgan Ismoil Shomurodov degan yigitimiz bor… Bu ro‘yxatni kechgacha davom ettirishim mumkin, ijodkorlar juda ko‘p.
Ammo keyingi paytlarda ijodkor qalamkashlar va sahnada ijod qilayotganlar orasida bir oz uzilish paydo bo‘ldi. Nega desangiz, “u ijodkorning yozgan asari kulgilimas”, deydi sahna vakillarining ba’zilari. Arkadiy Raykinning “matn ijokor tasavvuri uchun turtki” degan bir gapi bor. Ya’ni asarni olgandan keyin undagi fikr, g‘oya ma’qul bo‘lgan bo‘lsa, qiziqchi u asar ustida ishlashi, va uni kulgili qilishi kerak. Ba’zi ijodkorlarimizning xayolida esa xuddi yozuvchi yozib bergan narsani o‘qishingiz bilan u kulgili bo‘lishi shartday…
— Nima deb o‘ylaysiz, bugungi kunda O‘zbekistonda hajvchilikning “nafas olishi” qay darajada?
— Bundan 5-6 yil muqaddam bir kitobimda: “Hajvchiga hamma zamonda ham oson bo‘lmagan —  Afandining 41 ta qabri borligi bunga misol”, deb yozganman. Afandini necha marotaba ko‘mishgan bo‘lsa ham – u baribir tirik.

Ko‘pincha qiziqchilarimiz tilida cheklanmalar bor, degan gaplar qulog‘imga chalinadi. Shunday gapni aytganlar, aynan qanday cheklovlar haqida gap borayotganiga aniqlik kiritishmaydi. Nima deyishim mumkin, to‘g‘ri ma’lum bir mavzularda biz o‘zimizni cheklaymiz  ammo bunga siyosat emas, milliy mentalitetimiz sabab. Masalan ruslarga o‘xshab sahnada uyatli gaplarni aytolmaymiz, o‘shanday gaplarni gapirsak qarindosh-urug‘larimiz, muxlislarimiz bizdan xafa bo‘ladi. Xabaringiz borki, tilida bemalol bo‘lgani uchun ustozimiz Mirzabek Xolmedov atrofida munozaralar bo‘lib turadi.

Umuman repertuarlarga e’tibor bersangiz, deyarli hamma mavzularda gapirayapmiz:  yutuqlar haqida ham, ma’lum bir kamchiliklar haqida ham. Umuman har bir san’atkorning o‘zining pozitsiyasi bor ya’ni fuqarolik pozitsiyasi deyiladi, qiziqchining vazifasi – kuldirish.

Ruslarda “smex radi smexa” degan gap bor, ya’ni "bu kulging bilan nima mavzuni ko‘tarapsan" deb so‘raladi. Ammo u – boshqa jamiyat.  Biz qiziqchilarning vazifasi, mening nazarimda, qator hayotiy muammolardan toliqqan insonlarni bir pas tashvishlardan xoli qilib, kulgi orqali ularning kayfiyatini tetiklashtirish. Harxolda men shunday o‘ylayman va mana shu yo‘nalishda ijod qilaman.

— “Bobomning xazinasi” ni muxlislar qanday kutib oladi, nima deb o‘ylaysiz?
— Siz hozir Nostradamusga beriladigan savolni berayapsiz(kuladi).  Biz o‘zbeklarda beayb – parvardigor, degan bir naql bor. Kamchiliklarsiz bo‘lmaydi, degandek, ammo har bir narsaga yaxshi niyat bilan qo‘l uriladi. Mana 20-yildan ziyod bo‘lib qoldi muxlislarimiz bilan hamkorlik qilayotganimizga, hamisha ularning qalbidagi gaplarni, ular istagan narsalarni gapirganimiz uchundir ularning bizga bo‘lgan e’tiborlari pasaygani yo‘q, shuning uchun bu gal ham, umid qilamanki ularning qalbidagi, ular ko‘rmoqchi bo‘lgan serialni  yaratishga urindik va ma’lum bir natijalarga erishdik. Men optimist odamman, shu uchun bu asar muxlislarimizga manzur bo‘ladi, deb o‘ylayman.

— San’atkorlik kasbi sizga hayotda qanchalik asqotapti?

— 2006 yili konsertimizda Zokir Ochildiyev menga “San’atkor bo‘lmaganingizda kim bo‘lardingiz?”, deb savol beradi. Men esa o‘shanda “Agar san’atkor bo‘lmaganimda men, albatta, san’atkor bo‘lar edim”, deya javob qaytarganman. Mening nazarimda inson kasbni tanlamaydi, kasb insonni tanlaydi. Misol jajji qizaloq o‘tirvolib qo‘g‘irchog‘iga ko‘ylak tikish bilan band, demak u kelajakda — tikuvchi bo‘ladi, yosh bolacha mashinasining u yoq-bu yog‘ini kovlamoqda, balki u kelgusida katta bir usta bo‘lar…

Men esimni taniganimdan beri san’at sohasidaman. Shu bois boshqa soha, boshqa kasbda o‘zimni tasavvur qilolmayman va tasavvur qilishni ham xohlamayman. Qolaversa, san’atkor bo‘lganimdan juda ham baxtliman chunki nafaqat O‘zbekiston yoki O‘rta Osiyoda, balki dunyoning istalgan burchagida “Handalak”chilarni tanishadi, yaxshi ko‘rishadi.

Shu san’atimiz orqali dunyoning ko‘plab nuqtalarida bo‘ldik va bo‘lyapmiz, bugungi kunda yuzlab shogirdlarim bor. Uy-joy quraman, to‘rtta odamning o‘rtasida obro‘ orttiraman deganlar, farzandtalab bo‘lib yurganlar qancha, hech biridan Tangri kam qilmadi, ismim Ortiq bo‘lgani uchun ortig‘i bilan berdi shekilli, shu bois doim Allohga shukronalar keltiraman. Mana, ikki o‘g‘lim uylandi, bir-biridan shirin uch nafar nabiram bor. Shunga hamisha hazil aralash “do‘ppimni osmonga otsam, qaytib tushmasa ham mayli”, deyman. Shu darajada o‘zimni baxtli his qilaman.

— O‘zbekistonlik muxlislarga, Sputnik nashri mushtariylariga tilaklaringiz?

— Ayni vaqtda O‘zbekistonni aylasangiz kayfiyatingiz ko‘tariladi. Hammayoq bog‘u-rog‘larga aylantirilgan, qator-qator yangi imoratlar, inshootlar qurilgan, qurilyapti. Yurtimizning chiroyi kun sayin ochilib borapti. Bularni ko‘rib farzandlarimizning ertangi kuniga, ular bizdan-da yaxshi yashashiga ishonch ortapti. Mening nazarimda o‘zbek uchun farzandining ertangi kuniga ishonch hosil bo‘lishdan ortiqroq baxt yo‘q. Qolaversa tinchligimizning o‘zi katta baxt.

Qarang, hozir internetda o‘qib qoldim, 142 ta davlat ichida “eng tinch va osoyishta mamlakat qaysi” deganda O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallabdi. Shu oliy baxt emasmi? Shuning uchun bizlar bugungi siyosatdan, bugungi olib borilayotgan ishlardan shukronalik ruhida yashaymiz.

O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan millatdoshlarimizga esa bizga havas qilishlarini tilagan bo‘lardim, chunki O‘zbekistondek jannatmakon yurtda biz yashayapmiz.

Topganlarimiz yaxshi kunlarga, to‘ylarga buyursin, bir-birimizga yelkadosh bo‘lib yashaylik!

© Foto iz lichnogo arxivaOrtiq Sultonov: "qiziqchining vazifasi - kuldirish"
Ortiq Sultonov: qiziqchining vazifasi - kuldirish - Sputnik O‘zbekiston
Ortiq Sultonov: "qiziqchining vazifasi - kuldirish"
Yangiliklar lentasi
0