TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Qirg‘iziston poytaxtining janubi-g‘arbidagi O‘rtasoy qishlog‘ida ertalab Respublika Bosh prokuraturasi prokurorining mashinasi portlatildi, deb xabar tarqatmoqda Sputnik Qirg‘iziston.
Sal oldin Qirg‘iziston IIV O‘rtasoy qishlog‘idagi uylarning birida Lexus avtomobili portlatilgani haqida xabar tarqatgan edi. Mamlakat Bosh prokuraturasi prokuratura xodimi — 34 yashar Erkin Kurmanaliyev jabrlangani haqidagi xabarni tasdiqlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash vaqtida erkak bir qo‘lidan ayrilgan, uning ko‘zlari ham jiddiy jarohatlangan. Jabrlangan o‘ta og‘ir ahvolda reanimatsiyada yotgani aytilmoqda.
Ayni vaqtda ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgani xabar qilingan.
Qirg‘izistondagi eng shov-shuvli jinoyatlar
Aytish joizki, Qirg‘izistonda mustaqillik yillarida "yirik avtohalokatlar" sifatida ko‘rsatilgan jinoyatlar ko‘plab marotaba sodir etilgan.
Jumladan, Nasirdin Isanov bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisani bunga misol keltirish mumkin. Isanov 1990-yilda prezidentlikka da’vogarlik qilgan, ammo bu kurashda Askar Akayevga mag‘lub bo‘lgan.
1991 yilning 21-yanvarida mustaqil Qirg‘izistonning birinchi Bosh vaziri etib tayinlangan siyosatchi hayotiga shu yilning 29-noyabrida nuqta qo‘yilgan. Jalolobod-O‘sh trassasida Isanovni olib ketayotgan hukumatga qarashli "Volga" mashinasi ZIL-130 yuk mashinasiga borib uriladi. Avtomobili rulida bo‘lgan haydovchi jarohat oladi, yana bir yo‘lovchi — biznesmen Boris Birshteyn — yengil jarohatlar bilan qutuladi. Isanov esa, xirurgning so‘zlariga qaraganda, hushiga kelmasdan halok bo‘ladi. Qirg‘iziston xalqi Isanovni mamlakatning eng kuchli siyosatchisi sifatida xotirlaydi.
Anorbek Bakayev
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik vaziri. 1996-yilning 21-oktabrida Bishkek- Manas trassasida Volkswagen Passat rusumli xizmat mashinasida ketib borayotgan vaqtida ZIL yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.
OAVlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi mast holatda bo‘lgan va qo‘lga olingan chog‘ida o‘z joniga qasd qilishga uringan. Anarbek Bakayev klinik o‘lim holatiga tushgan va Bishkek va Moskvadagi shifokorlarning urinishlariga qaramay, 1998-yil 7-yanvar kuni hushiga kelmay halok bo‘lgan.
Medet Sodirqulov
Birinchi versiya bo‘yicha 2009-yil 13-mart kuni Bishkek yaqinida Audi-100 bilan to‘qnashgan Lexus yonib ketadi. Jip ichidan haydovchi va ikki yo‘lovchining murdasi topiladi. Murdalarning biri Qirg‘iziston prezidenti devonining sobiq boshqaruvchisi Medet Sodirqulov ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tirik qolgan Audi haydovchisi Omurbek Osmonov sudga tortiladi. 2010-yilning 21-aprelida esa u o‘ldiriladi. Osmonov tanasiga ko‘p sonli tig‘ zarbalari yetkazilgani tufayli hayotdan ko‘z yumgani ma’lum. 2010-yil aprel voqealaridan keyin ushbu jinoiy ish qayta ko‘rib chiqiladi va qotillikka buyurtma bergan shaxs sobiq prezidentning ukasi Jonish Boqiyev ekanligi aytiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, J. Boqiyev Medet Sodirqulovning bo‘g‘ib o‘ldirilishini shaxsan tomosha qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, JIPda aniqlangan murdalarning hammasi avval o‘ldirilgan, so‘ngra esa ushbu qotillik go‘yo "baxtsiz hodisadek" ko‘rsatilgan.
Barcha aybdorlar, shu jumladan, Qirhiziston Respublikasi Qo‘riqlash xizmati hamda Chegara xizmati xodimlari turli muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.