Rossiyada ommaviy kadrlar o‘zgarishi: Putin nima sababdan 14 rahbarni lavozimidan bo‘shatdi?

© Sputnik / Mixail Klimentyev / Mediabankka o‘tishRossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Rosreyestr rahbari Igor Vasilyev
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Rosreyestr rahbari Igor Vasilyev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
28 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi so‘nggi yillarda eng yirik kadrlar almashishini boshdan kechirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda eng yuqori lavozimlarni egallab turgan 14 amaldorni iste’foga chiqardi.

TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Kuni kecha Rossiya Federatsiyasi rahbari Vladimir Vladimirovich Putin Federal Bojxona xizmati rahbarini iste’foga chiqardi, shuningdek federal okruglardagi o‘zining 3 muxtor vakili va 4 gubernatorni almashtirdi. Bundan tashqari u Qrim yarimoroli va Janubiy federal okrugni birlashtirib, Ukrainadagi Rossiya elchisi Mixail Zurabovni o‘z vazifasidan ozod qildi.

Kreml rasmiylari ommaviy kadrlar almashinuvini "odatiy rotatsiya", deb atayotgan bo‘lsalarda, ekspertlar bunday turbulentlik nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Diplomatiya

Senator Vladimir Jabarovning fikricha, Rossiyaning Ukrainadagi elchisi Mixail Zurabov "eng qiyin vaqtlarda" bu lavozimni egalagan. "Mening bilishimcha, Zurabovning o‘zi prezidentdan anchadan beri iste’foga chiqarishini iltimos qilib kelayotgan edi", deb xabar qilgan senator RIA Novosti axborot agentligiga.

Hozirda Rossiyaning Ukrainadagi vaqtinchalik elchisi etib Sergey Toporov tayinlandi.

Kuch ishlatish organlari

Siyosiy axborot markazi bosh direktori Aleksey Muxinning so‘zlariga ko‘ra esa, Putinning kadrlar bobidagi siyosati ana shunday ommaviy rotatsiyalarni nazarda tutadi. Ekspert bu kabi o‘zgarishlar birinchi marotaba ro‘y bermaganini eslatib o‘tdi — yarim yil muqaddam kadrlar qisqarishi Ichki ishlar vazirligi xodimlariga nisbatan ham qo‘llanilgan edi. "Bu yerda nima deyish mumkin, tabiiyki, ayrim qarorlar ancha oldin qabul qilingan, ayrimlari esa yaqinda", — dedi ekspert.

Muxinning fikricha, rotatsiyadan so‘ng kuch ishlatish xodimlarining pozitsiyasi birmuncha kuchaygan. (Putin olib tashlangan rahbarlar o‘rniga sobiq maxsus xizmat xodimlarini tayinlagan, tahr.)

"Ammo men bu o‘zgarishlar ma’lum bir muassasaning kuchaytirilishi uchun amalga oshirilgan, deb aytmagan bo‘lar edim. Sir emaski, 2000-yillar boshidan Vladimir Putin hukumat organlaridagi lavozimlarga maxsus xizmat vakillarini faol tarzda jalb qilib kelmoqda. Uning bunday qilishiga sabab — kuch organlari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan immunitet mavjud. Masalan, agar inqirozni neytrallashtirish uchun xizmat qiladigan qaror qabul qilish talab etilganda, kuch organlari xodimlari oddiy fuqarolardan ko‘ra bu vazifani yaxshiroq bajaradilar", — deya ta’kidladi Muxin.

Gubernatorlar

Rossiya prezidenti Vladimir Putin unga bildirilgan ishonchni oqlamagani uchun hozirda hibsda bo‘lgan Kirov viloyati gubernatori Nikita Belixni lavozimidan ozod qildi. Gubernator 400 ming yevro pora olganlikda ayblanmoqda.

Kirov viloyatining vaqtinchalik gubernator lavozimini bajaruvchisi etib bunga qadar Rosreyestrni boshqargan Igor Vasilyev tayinlangan.

Kirov viloyatining sobiq gubernatori advokati so‘zlariga qaraganda, Belix prezident qarorini tushunishini, ammo xuddi avvalgidek o‘zining aybsizligida qat’iy turishi va poymol qilingan obro‘-e’tiborini tiklashi uchun oxirigacha kurashishini ma’lum qilgan.

Yaroslab viloyati gubernatori Sergey Yastrebovning ham vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Vaqtinchalik gubernator etib ushbu viloyatga Ichki ishlar vazirligi vazir o‘rinbosari Dmitriy Mironov tayinlandi.

Federal okruglar

Qrim federal okrugi rasman bekor qilinib, Janubiy federal okrug bilan birlashtirildi. Birlashtirilgan okrugga muxtor vakil etib Vladimir Ustinov tayinlandi.

Senator Sergey Sekovning so‘zlariga ko‘ra, Qrim federal okrugi o‘tish davri uchun tashkil qilingan. "O‘tgan 2,5 yil Qrim va Janubiy federal okrugda bir xil xarakterga ega muammolar mavjudligini ko‘rsatdi, shu bois turli burokratik strukturalarni ko‘paytirishdan naf ham, xohish ham yo‘q", — deya fikr bildirdi senator.

Yangiliklar lentasi
0