TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Xillari Klinton Amerika dushmanlariga "qaqshatgich zarba" berishga va’da qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar tarqatgan.
"Biz qat’iyatli dushmanlar bilan kurashmoqdamiz, ularga qaqshatgich zarba bermoq lozim", — deb aytgan Klinton Filadelfiyada o‘tgan partiya yig‘ini davomida.
Klinton xonimning so‘zlariga ko‘ra, agar u prezident etib saylansa, Amerika xalqi xavfsizligi va mamlakat iqtisodiyoti u uchun eng ustuvor maqsadlardan biri bo‘ladi. U shuningdek savdo siyosatida Xitoyga qarshi turishga va’da qilgan. "Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlaylik, bizga qo‘shiling", — deya da’vat qilgan u.
Xillari Klinton barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lishga va’da qilgan.
"Men demokratlar, respublikachilar, mehnat ahli, muammolarga duch kelganlar, omadi chopganlar, men uchun ovoz berayotganlar va meni saylashdan bosh tortayotganlar, umuman barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘laman", — degan u yig‘ilish davomida.
AQShning sobiq Davlat kotibi, o‘z chiqishida mamlakat "siyosatidan pullarni yo‘qotish" kerakligi haqida ham gapirgan.
AQSh prezidentligiga nomzod bo‘la olgan birinchi ayol sifatida e’tirof etilayotgan Xillari Klinton o‘z nutqi davomida Trampga yadro qurolini ishonib bo‘lmasligi va u shunchaki va’dabozligini aytgan.
Shuningdek, Eron yadro dasturini bir dona ham o‘q sarflamasdan yopishga muvaffaq bo‘lganidan faxrlanishi haqida ta’kidlagan.