TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. "O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi Turkiyaga yo‘l olgan O‘zbekiston fuqarolariga hamda bu mamlakatga sayohatlarni amalga oshiruvchi turoperatorlarga murojaat qilib, o‘z rejalarida bu mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatni hisobga olishni so‘ragan.
"2016 yilning 27-iyuli holatiga ko‘ra, Turkiyaning muayan qismlarida beqarorlik holati saqlanib qolmoqda, ayni vaqtda bu mamlakatga sayohat qilish xavfsiz emas. Shu tufayli mamlakatdagi beqaror vaziyatni hisobga olib vaziyat barqarorlashguniga qadar Turkiyaga safar qilmaslikni tavsiya etamiz", — deyilgan milliy kompaniya xabarida.
"O‘zbekturizm", shuningdek, ayni vaqtda Turkiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolaridan zarur ehtiyot choralariga amal qilishni so‘ragan.