Sakkiz ming soat to‘xtovsiz yonib turadigan eng qulay lampalar

© Sputnik / Petr Chernov / Mediabankka o‘tishEnergiya tejaydigan lampalar
Energiya tejaydigan lampalar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bugungi kunda yurtimizning 5 korxonasida ishlab chiqarilayotgan kam energiya sarflovchi lampalar sifat jihatidan xorijda ishlab chiqarilayotgan shu turdagi mahsulotlardan aslo qolishmaydi. Ushbu lampalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularning xizmat qilish muddati uzoq bo‘lib, to‘xtovsiz 8 ming soat yonib turishi mumkin.

TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. Tejamkor lampalar haqida nimalarni bilasiz? To‘g‘ri, ular oddiy lampochkalardan narx jihatdan qimmat turadi, ammo uning bor kamchiligi ham shu, xolos. Yangi lampalarning uzoq muddat xizmat qilishi va kam energiya sarflashi unga qilgan xarajatingizni to‘liq oqlaydi. "Jahon" AA nashri bugungi kunda eng qulay bo‘lgan bu lampalarning xususiyatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tgan.

Lyuminessent lampalarning xususiyatlari

O‘zbekistonning beshta korxonasida ishlab chiqarilayotgan kam energiya sarflovchi lampalar sifat jihatdan xorijda ishlab chiqarilayotgan shu turdagi mahsulotlardan aslo qolishmaydi. Ushbu lampalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularning xizmat qilish muddati uzoq bo‘lib, to‘xtovsiz 8 ming soat yonib turishi mumkin. Bu oddiy cho‘g‘lanma lampalardan 8-marta ko‘pdir. Ayni paytda ular oddiy lampalarga nisbatan 4-5 marotaba kam energiya sarflaydi. Bundan tashqari ular ko‘zni toliqtirmaydi, issiqlikni kam miqdorda ajratadi. 90 %gacha elektr energiyasini tejaydi. (Lampa yarim soatdan keyin ham qizib ketmaydi). Ularning yana bir xususiyati ekologik jihatdan zararsizligidir.

Simobli lampalar zararlimi?

"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-iyundagi "Simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslarini to‘plash va ularni utilizatsiya qilishni tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida" 2011-yil 21-sentabrdagi 266-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq, odamlar va hayvonlar zaxarlanishining oldini olish uchun simob hamda uning birikmalarini yo‘qotish zarurligini anglatadigan “demerkurizatsiyalash”, ya’ni zararsizlantirish atamasi kiritildi. Shu maqsadda energiya tejaydigan lampalarni utilizatsiya qilish jarayoniga xavfli simobni zararsizlantirish imkonini beradigan murakkab texnologiyalar joriy etilmoqda", deb yozadi nashr.

Tejamkor lampalar - Sputnik O‘zbekiston
Ishlatilgan tejamkor lampalar uchun rag‘bat puli miqdori oshirildi
Ma’lumot uchun: “Neo Sun Light” mas’uliyati cheklangan jamiyati import o‘rnini bosadigan lyuminessensiya lampalari ishlab chiqaradigan yurtimizdagi dastlabki korxonalardan biridir. Ayni paytda loyiha bo‘yicha yiliga 15 million dona lampa tayyorlash quvvatiga ega ushbu korxonada sakkiz turdagi lampa ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, korxonada lampalarni utilizatsiya qilish yo‘lga qo‘yilgan. Aksariyat butlovchi qismlar utilizatsiya va yo‘q qilinadigan boshqa korxonalardan farqli ravishda bu yerda metall, plastik va elektron qismlarga ajratiladi. Demerkurizatsiyalashdan so‘ng lampaning faqat shisha qismi bartaraf etiladi, qolgan qismlari takroriy foydalanish uchun qayta ishlanadi. Joriy yilning birinchi yarmida korxonada 210 mingdan ziyod energiya tejamkor lampa utilizatsiya qilingan.

"Atrof-muhit simobdan zararlanishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni yig‘ish ishlari bilan utilizatsiya tashkilotlari, lampa ishlab chiqargan korxonalarning o‘zi shug‘ullanishi, shuningdek, ushbu mahsulotlarni sotish punktlari orqali, maishiy chiqindilarni yig‘ish punktlarida lampalarning sinishi va ular tarkibidagi simobning havo, suv havzalariga, tuproqqa va oziq-ovqat mahsulotlariga tushishidan himoyalangan holda alohida idishlar o‘rnatish orqali amalga oshirilishi belgilangan. Joriy yilda, masalan, Andijon viloyatida shunday lampalarni to‘playdigan 84 punkt tashkil etildi", — deb yozadi nashr.

Shuningdek, energiya tejamkor lampalarni utilizatsiya qilishga topshirayotgan tashkilotlar soni yil sayin ortib borayotgani ta’kidlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil qariyb 500 korxona va tashkilot o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan lyuminessent lampalarni topshirgan.

Iste’molchi nima deydi?

"Dastlabki energiya tejamkor lampani dugonamning maslahati bilan 8-yil avval sotib olgandim, – deydi Toshkentda istiqomat qiluvchi Sh.Qobilova. – Undan 5-yil foydalandim. Uydagi barcha cho‘g‘lanma lampalarni energiya tejamkor lampalar bilan almashtirganimdan so‘ng elektr energiyasi uchun to‘lov bir yarim barobar kamaydi. Bu yil muddatini o‘tab bo‘lgan ikkita lampa topshirib, to‘rtta sotib oldim".

Xulosa qilish mumkin-ki, energiya tejamkor lampalarni samarali utilizatsiya qilish atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, aholi salomatligi va O‘zbekiston kelajagi haqida qayg‘urish demakdir.

Yangiliklar lentasi
0