TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Bishkek shahri markazida, Maksim Gorkiy nomidagi skverda 700 ga yaqin kishi namoyishga chiqdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston nashri.
Militsiyadan olingan xabarlarga ko‘ra, miting ishtirokchilari hukumatdan ularni imtiyozli turar-joylar bilan ta’minlashni talab qilishmoqda. Aksiya tashabbuskorlari haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Hodisa joyiga huquqni muhofaza qilish organi xodimlari yetib borishgani aytilmoqda. Mitingda ishtirok etganlarning ayrimlari hibsga olinib, militsiya bo‘limiga olib ketilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, miting davomida jamoatchilik tartibini buzganligi uchun 10 kishi qo‘lga olingan. Bishkek shahri IIB matbuot-xizmati rahbari Oljobay Kazabayevning so‘zlariga ko‘ra, miting ishtirokchilariga qarshi ma’muriy akt tuziladi.