TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Turkiyaning barcha shaharlaridagi aeroportlar odatiy tartibda ishlay boshladi, deb xabar bermoqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.
“Turkiyada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqealardan keyin bir necha kunga Turkiya osmonida parvozlar ta’qiqlanib aeroportlar faoliyati cheklangan edi. Qisqa vaqt ichida havo yo‘llari ochilib barcha aeroportlar odatdagidek yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshladi”, — deyilgan elchixona tomonidan tarqatilgan Turkiya Madaniyat va Turizm vazirligi xabarida.
Xabar davomida, Antaliya, Mug‘la va Izmir kabi dam olish hududlarida, fuqarolarimiz hamda xorijiy mehmonlarga bu voqea o‘z ta’sirini ko‘rsatmadi va hech kim ko‘ngilsiz vaziyatga duch kelmadi, deyilgan. Barcha mehmonxonalar, infratuzilma va dam olish maskanlari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
21 iyul kuni Turkiya hududida 3 oylik muddatga kiritilgan favqulodda holat tartibi Turkiya fuqarolarining huquq va erkinliklarini chegaralamaydi va dam olish maqsadida kelgan mehmonlarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Mehmonlarning Turkiya hududida xavfsiz dam olish uchun hech qanday to‘siq va cheklovlar mavjud emas.