TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Toshkentda tez kunlarda yangi "Anhor-Lokomotiv" madaniyat va istirohat bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda "O‘zbekiston temir yo‘llari".
Xabarda aytilishicha, istirohat bog‘ining tantanali ochilishi 1-avgust kuniga belgilangan.
Yangi obyektning umumiy maydoni 8 gektarni tashkil qilib, u Toshkent shahrining Labzak hamda Zulfiyaxonim ("Anhor" kanali) oralig‘ida joylashgan.
Mazkur istirohat bog‘idan O‘zbekistonda eng katta hisoblangan kartodrom (maydoni 12 000 kv.m), filmlar namoyish etiladigan yozgi maydon, 4ta kinozal, 320 o‘ringa mo‘ljallangan restoran, bolalar maydonchasiga ega qahvaxona va bepul avtomobil turar joylari o‘rin olgani xabar qilinmoqda.
Yangi bog‘da kichik hajmdagi O‘zbekistonning diqqatga sazovor me’moriy obidalari qurilmoqda. Jumladan, Toshkent teleminorasi, Kalta Minor(Xiva), Sherdor madrasasi(Samarqand), Minorai Kalon(Buxoro), Toshkent kurantlari kabi inshootlarning maketlari qurilmoqda.
Shuningdek, bog‘ hududida hajmi 1810 metr kvadratga teng sun’iy hovuz bo‘lib, unda retro-avtomobil shaklidagi elektr qayiqlar suzishi aytilmoqda.
"Anhor" kanali ustidan o‘tuvchi yo‘lovchilar ko‘prigi, turli rangda tovlanuvchi ulkan favvora, avtodrom, attraksionlar tashrif buyuruvchilarni 1-avgust kuni xushnud etadi, degan umiddamiz.