TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Poytaxt yo‘lsozlari Taraqqiyot ko‘chasi yuqorisidagi Kichik halqa avtoyo‘li uchastkasini bog‘lovchi yangi yo‘l bog‘lamasini foydalanishga topshirishga ulgurishmadi, deb xabar beradi Sputnik muxbiri.
Dastlab transport bog‘lamasi 5-avgustga qadar faoliyat boshlashi lozim edi. Keyinroq Toshkent IIBB YXHBning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi rahbari Zoir Saydaliyevning so‘zlariga ko‘ra obyektni foydalanishga topshirish muddati 16-17 iyulga surildi. Biroq bugungi kunda ham quruvchilar bu yerda qizg‘in ish olib borishmoqda va yuz berayotgan o‘zgarishlarga qaraganda, obyekt kamida ikki haftadan so‘ng faoliyat boshlaydi.
Hozirda yo‘lsozlar Shimoliy vokzal tarafdan avtomobil ko‘prigi bo‘ylab harakatni ta’minlashdi va Parkent bozori tarafdan harakatni to‘laligicha yopishdi. Asosiy ishlar quruvchilar Taraqqiyot ko‘chasini kengaytirishda muhim rol o‘ynaydigan beton to‘siqlarni o‘rnatishayotgan ko‘prik ostida olib borilmoqda.
Avgust oyi oxirlarida yana bir obyekt — Taraqqiyot ko‘chasini Ohangaron shossesi bilan bog‘laydigan yangi uchastka ham foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Olti polosali trassaning uzunligi 2,9 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda elektr energiyasini tedash hisobiga sezilarli ravishda tejamkorlikni ta’minlovchi yangi "aqlli yoritish tizimi"dan foydalaniladi.
Bundan tashqari, quruvchilar yo‘l qoplamasini yotqizishda asfaltbeton qorishmasi sarfini kamaytiruvchi va qoplamaning xizmat muddatini uzaytirish imkonini beruvchi yangi konstruksion uslubdan foydalanishmoqda.
Pudratchi tashkilot vakillarining Sputnik muxbiriga aytishlaricha, yangi yo‘lni foydalanishga topshirish marosimi mamlakat rahbari Islom Karimov ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Yangi yo‘l bog‘lamasi tevaragida kutilmaganda qurilish ishlari boshlanganligi ham ushbu faktni qisman tasdiqlaydi.
Xususan, quruvchilar eski ToshMI yaqinidagi yo‘l bo‘yida joylashgan qator binolarni butkul buzib tashlashdi.
Hozircha ularning o‘rnida yangi o‘quv korpuslari bo‘lishi yoki yo‘l kengaytirilishi mumkinligini aniq aytish qiyin.