TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi dasturchilari "Alifbe” 1-sinf uchun elektron darsligini yaratdilar, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi.
Ma’lumotga ko‘ra, "Alifbe” 1-sinf uchun elektron darslikning asosiy vazifasi zamonaviy texnika vositalari orqali bilim olishdan iborat bo‘lib, undagi video va audio roliklar qabul qilinayotgan bilimlarni oson o‘zlashtirishga va yodda saqlab qolishiga yordam beradi.
Resursda foydalanilgan rang-barang tasvirlar, o‘yinlar, musiqalar bolalarning fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishi ta’kidlangan. Darslikning oxirgi qismida mavzuni mustahkamlash uchun vazifalar berilgan bo‘lib, bundan tashqari o‘quvchilar alifbeni kompyuter orqali o‘rganishlari mumkinligi qo‘shimcha qilingan.
Nashrda yozilishicha, mualliflarga ushbu dastur uchun guvohnoma berilgan.