TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. "O‘zbektelekom" matbuot-xizmatining xabar berishicha O‘zbekistondagi internetdan foydalanuvchilar, operator va provayderlar yaqin uch kun davomida internet xizmatidan foydalana olmasliklari mumkin. Bu haqda Sarkor telekom kompaniyasi rasmiy saytida ham aytilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 18-iyul kuni soat tungi 01:00dan ertalabki 08:00gacha aksariyat o‘zbekistonliklar internetga kirishda va undan foydalanishda ma’lum muammolarga duch kelishgan. Ammo bu bilan muammolar yakun topmasligi aytilmoqda.
"O‘zbektelekom" AK ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hududida o‘tkazilayotgan rejadan tashqari ishlar tufayli 19-iyul kuni (Toshkent vaqti bilan 01:00dan 08:00ga qadar) va 21-iyul kuni (01dan 06:00ga qadar) Internet ishlamasligi yoxud unga ulanishda ma’lum muammolar tug‘ilishi mumkin.
"O‘zbektelekom" AK vujudga kelgan noqulayliklar uchun o‘z mijozlaridan uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, "O‘zbektelekom" – O‘zbekistondagi eng yirik telekommunikatsiya operatorlaridan biri hisoblanib, u o‘z tarmog‘i bilan butun mamlakat xududini qamrab olgan. Kompaniya davlat va respublika idoralariga telekommunikatsion xizmatlar yetkazib beruvchi asosiy ta’minotchi hisoblanadi.
Kompaniya tarkibida 22 ta filial, jumladan 14 ta mintaqaviy, shuningdek 8 ta maxsus va 3 ta sho‘ba korxona mavjud.