TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. O‘zbekistondan meva-sabzavotlarni eksport qilishda vositachilardan qutilish kerak, dedi Respublika bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, Toshkentda 12-16 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasida.
“Bizning, yarmarka o‘tkazishdan maqsadlarimizdan biri, bu – vositachilar zanjiridan qutilish. Bu bizga Rossiya, MDH mamlakatlari va Yevropa bozorlariga mahsulot hajmini oshirish va yetkizib berish jarayoniga oydinlik kiritish imkonini beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga qaraganda, mahsulot yetkizib berishga besh yil va undan uzoq muddatli shartnomalar tuzilganda, O‘zbekiston tomoni mahsulot sifatiga kafolat beradi. Bosh vazir ushbu yilning aprel oyida respublikada, 3 mln tonnva meva-sabzavot yetkizib berish quvvatiga ega bo‘lgan, “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi tashkil qilinganini eslatib o‘tdi.
“Rossiya va O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishda meva va sabzavot savdosi hajmini oshirishda yetkizib berish jarayoniga oydinlik kiritish muhim omil bo‘lib qolmoqda”, — dedi yarmarka ochilishida Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin.
Levin O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining apreldagi uchrashuvi natijalariga ko‘ra, Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligiga O‘zbekistondan meva-sabzavot importi hajmini oshirishga topshiriq berilganini ham ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov buyrug‘iga asosan tashkil qilingan yangi savdo maydonchasi chet ellik xaridorlarga O‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkonini beradi. Kelajakda yarmarka doimiy ravishda Toshkentda oktabr oyida bo‘lib o‘tadi. Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra yarmarkada 300ga yaqin agrokorxonalar va 40 dan ortiq mamlakatdan logistika kompaniyalari qatnashmoqda.