TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. AQSh Harbiy Havo Kuchlari jang eng qizigan vaqtda Suriyadagi ittifoqdoshlarini tashlab ketdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti, Washington Post nashridan olingan ma’lumot asosida.
Pentagon vakili Kris Garverning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondonlik bir kun oldin butun texnikasi bilan Al-Faludja shahridan siqib chiqarilgan "Islom davlati" jangarilari kolonnasini yo‘q qilishni afzal bilgan.
Abu-Kemaldagi Suriya Ozod armiyasi jangchilari esa ortga chekinishga majbur bo‘lishgan.
Nashrda yozilishicha, barbod bo‘lgan operatsiya tufayli AQShning regionda islomchilarga qarshi tura oladigan mahalliy bo‘linmalarni tashkil qilish rejasi puchga chiqqan. Nashr "Qo‘shma Shtatlar mamlakat bo‘ylab bir joydan ikkinchi joyga o‘z harbiylarini tashlashga majbur bo‘layotgan ekan, balki u yetarlicha kuch to‘play olmayotgandir", degan savolni o‘rtaga tashlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yildan buyon AQSh boshchiligidagi 66 mamlakatdan iborat harbiy koalitsiya Suriyadagi "ID" terrorchilari pozitsiyalarini bombardimon qilib kelmoqda. Operatsiyalar Suriya hukumati rasmiy ruxsatisiz amalga oshirilmoqda.