TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Bozorning tugatilishiga turli sabablar keltirildi: sanitariya va yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaganlik, sog‘liq uchun o‘ta xavfli bo‘lgan kontrabanda. Sal keyin Moskvaning bu eng mashhur bozori buzib tashlandi. RIA Novosti muxbirlari Rossiyaning eng mashhur bozori qanday ko‘rinishga ega bo‘lganini esga olishdi.
"Cherkizon" 1990-yillar boshlarida, Moskvaning sharqiy qismidagi xarobazor o‘rnida paydo bo‘lgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, butun poytaxt ahli aynan shu bozordan "kiyina" boshlagan va Rossiyadagi tovar aylanmasi jihatdan eng yirik mayda ulgurji savdo markazi maqomiga sazovor bo‘lgan.
Bozor bir nechta majmualardan tashkil topgan. "Gullab-yashnagan" davrida bitta savdo punktining oylik arenda haqi 50 ming dollarni, oylik tushumi esa 250 ming dollarni tashkil qilgan.
Bozorda MDH davlatlarining barcha vakillari, shuningdek, Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari vakillari faoliyat yuritishgan va yashashgan. Nolegal migrantlar bir necha yillar mobaynida "Cherkizon" hududini tark etmay yashashlari mumkin bo‘lgan. Hech narsaga zoriqmay hayot kechirish uchun barcha shart-sharoit mujassam edi: do‘konlar, yotoq joylar, milliy kafelar va valyuta ayriboshlash shahobchalari. Ayrim korxonalar esa o‘z faoliyatini noqonuniy tarzda yuritgan.
"Cherkizovo" bozorini shahar ichidagi shahar deb atash mumkin edi. Sababi, yotoq joy va kafelardan tashqari, bu yerda tibbiy markazlar ham mavjud edi. Mijozlar, misol uchun, stomatolog yoki ginekolog huzuriga tashrif buyurishi, noan’anaviy tibbiyot ishqibozlari esa — zuluklar bilan davolanish seanslarini qabul qilishlari mumkin edi.
"Cherkizovo" poytaxt kriminal markazi sifatida ham dovruq qozongan. Bu yerda giyohvand moddalar savdosi gullab-yashnagan, qotilliklar sodir bo‘lgan, shuningdek, kissavurlik, to‘polon, reket va talonchilik singari jinoyatlar ro‘y berib turgan.
"Cherkizovo" bozoriga "o‘ng" siyosiy qarashlar tarafdorlari bo‘lgan radikal guruhlar tomonidan bir necha marotaba hujumlar uyushtirilgan. Misol uchun, bozorda aynan shunday bir guruh tomonidan 2006-yilning 21-avgustida qo‘lbola bomba ishga tushirilgan. Terakt natijasida 14 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida bolalar ham bo‘lgan.
"Cherkizovo"ning yopilishi taxminan yuz ming kishini ishsiz qoldirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa, bozorda faqatgina 14,2 ming kishi uchun ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan. Savdogarlarning aksariyati poytaxtdagi boshqa bozorlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.
2009 yilning 16-iyulida Moskva shahri hukumati bozorni yopish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Ammo, bozor, yo‘q qilingandan keyin ham "yashashda" davom etgan. 2013-yil "Cherkizovo" hududida o‘z ichiga tikuv fabrikasi, turar joylar, kafe va tovuq fermasini jo qilgan yer osti shahri aniqlangan va u yo‘q qilingan.