TOShKENT, 25-iyun — Sputnik. Andijon viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmatining bildirishicha, 2016-yil 23-may kuni Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Do‘stlik” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan kompleks orqali O‘zbekiston Respublikasidan Qirg‘iziston Respublikasiga o‘tib ketayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi T.M.ga tegishli bo‘lgan qo‘l va boshqa yuklari tekshirilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan qiymati 230 000 so‘mlik, avval foydalanishda bo‘lgan 1 dona 1958-yilda Toshkent shahridagi O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti bosmaxonasida bosilgan 846 betdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiyning “XAMSA” (Hayratul-abror, Farhod va Shirin, Layli va Majnun, Sab’ai sayyor, Saddi Iskandariy) nomli asari borligi aniqlandi. Bu haqda andijonsadosi.uz sayti xabar beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi badiiy ekspertiza boshqarmasi Farg‘ona viloyati badiiy ekspertiza bo‘limining xulosasiga ko‘ra ushbu kitob tarixiy madaniy boyligimiz hisoblanib, O‘zbekiston Republikasidan olib chiqilishi taqiqlanganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.