Munojot Yo‘lchiyeva va Normo‘min Sultonovlar ShHT mehmonlari uchun kuylashdi

© flikr.com"O‘zbekiston" anujumanlar saroyi
O‘zbekiston  anujumanlar saroyi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 23-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent sammiti ishtirokchilari uchun konsert namoyish qilindi.

TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. Kecha, "O‘zbekiston" saroyida Shanxay Hamkorligi tashkiloti rahbarlari sammiti qatnashchilari uchun konsernt dasturi bo‘lib o‘tdi, "Jahon" axborot agentligi xabariga asosan.  

Shanxay hamkorlik tashkiloti uchun bunday tadbirlarning o‘tkazilishi an’anaga aylangan.

Konsert dasturi soat 18.00 da boshlandi. "O‘zbekiston" saroyining konsert zaliga Islom Karimov va ShHT sammitining oliy mehmonlari Nursulton Nazarboyev, Si Szinpin, Almazbek Atamboyev, Vladimir Putin, Emomali Rahmon, Ashraf G‘ani, Saxiagiyn Elbegdorj, Mamnun Husayn, Narendra Modi, Gurbanguli Berdimuhamedov, Rashid Alimov kirib kelganidan keyin boshlandi.

Oliy martabali mehmonlar e’tiboriga o‘zbek xalqining milliy ashula va raqslari, shuningdek, jahon opera san’atining eng sara asarlaridan namunalar havola etildi.

O‘zbekiston san’at ustalarining chiqishlari olqishlar bilan kutib olindi. O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva ijrosidagi “Ul kim jonon” ashulasi tinglovchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. “O‘zbekiston” va “Navro‘z” raqs ansambllari ijrosidagi “Raqslar guldastasi” xoreografik kompozitsiyasi o‘zbek raqs maktabining butun ko‘rku jozibasini namoyon etdi.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali g‘olibi Nodira Pirmatova “Ey dilbari jononim” ashulasini YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan katta ashula uslubida ijro etdi.

O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri P.Chaykovskiyning “Yevgeniy Onegin” operasidan lavha ijro etdi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri xonandalari Sh.Gunoning “Romeo va Julyetta” operasidan Julyetta valsini kuyladi.

O‘zbekiston xalq artisti Normo‘min Sultonov va «Nihol» mukofoti laureati Ma’suma Boltaboyeva «Mening jonajon Xitoyim», O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova «Qadrdonlarim» ashulalarini xitoy tilida ijro etdi. Qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, qoraqalpoq xalqlarining ashula va raqslari ham ijro etildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jenisbek Piyazov «Menga bergil kuylarni», xalqaro tanlovlar laureati Milena Matmusayeva «Sevgi sadosi» deb nomlangan mashhur rus ashulalarini kuyladi. Konsert dasturi ShHTga a’zo davlatlarning boy madaniyati bilan yanada yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.

Ijro etilgan har bir kuy-qo‘shiqda insonga mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom yuksak pardalarda tarannum etildi. Konsert nihoyasida “Jon O‘zbekiston” kompozitsiyasi yangradi.

Yangiliklar lentasi
0