TOShKENT, 22-iyun — Sputnik, Vladimir Dobrovolskiy. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shimoliy Koreyaning ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazganini qoraladi va Pxenyanni bundan buyon bu kabi provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
"Men Shimoliy Koreya tomonidan ikkita ballistik raketa uchirilishini keskin qoralayman. Shimoliy Koreya tomonidan qatorasiga sodir etilayotgan provokatsiyalari xalqaro xavfsizlikka rahna solmoqda”, — deya ta’kidlagan Stoltenberg.
NATO Bosh kotibi ushbu harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashining bir qancha rezolyutsiyalarini poymol etayotganini aytgan.
Shimoliy Koreya chorshanba kuni ertalab o‘rtacha radiusda harakatlanadigan ikkita raketani uchirdi. Birinchi raketa 150 km ga yaqin masofani uchib o‘tib, portlagan bo‘lsa, ikkinchisi 1000 metr balandlikka ko‘tarila olgan. Ekspertlar fikriga ko‘ra, sinovdan o‘tkazilgan yangi raketalar uchish masofasi 2,5-4 ming kilometrni tashkil qiluvchi “Musudan” raketasi bo‘lishi mumkin.