TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Toshkent shahrida 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitini yoritish uchun 400ga yaqin mahalliy va xorijiy jurnalistlar akkreditatsiya qilindi, deb xabar qilmoqda sammit matbuot-markazi.
"ShHT sammitini yoritishda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Hindiston, Pokiston, Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlar ommaviy axborot vositalaridan 200ga yaqin vakil, O‘zbekistondan qariyb 200 nafar jurnalist qatnashadi", deb xabar qilmoqda matbuot-markazi.
Sammit doirasidagi tadbirlarni keng, sifatli va tezkor yoritish uchun “O‘zekspomarkaz”da barcha qulayliklarga ega xalqaro matbuot markazi tashkil etildi. Sammit kunlari jurnalistlar ish olib boradigan ushbu markaz eng yuksak talablarga javob beradigan zamonaviy texnika – elektron namoyish stendlari, kompyuterlar, printerlar va boshqa ko‘p funksiyali qurilmalar, telefon bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi Wi-Fi va simli tizimlar orqali Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.