TOSHKENT, 16 iyun — Sputnik. Oʻzbek eksperti — Toshkent Davlat arxitektura-qurilish instituti domlasi Ravshan Qodirov, Pomir togʻlarida joylashgan Sarez koʻli Markaziy Osiyodagi davlatlar, ayniqsa, Amudaryo etagida joylashgan mamlakatlar uchun shu kechayu-kunduzda katta xavf tugʻdirmoqda, degan fikrda.
Toshkent shahrida, AQSH elchixonasida boʻlib oʻtgan texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish masalalariga qaratilgan uchrashuvda Ravshan Qodirov jurnalistlarga bugungi kunda qariyb 19 million tonna suvga ega Sarez koʻli ega toʻsiqning chidamliligiga hech kim kafolat berolmasligini aytdi.
"Oʻz vaqtida, 1911 yilda, Pomir togʻlarida roʻy bergan kuchli zilziladan soʻng chuchuk suvli mana shu koʻl hosil boʻlgan. Togʻning ulkan devori qulashi natijasida, daryo oʻzani toʻsib qoʻyilgan va shu joyda suv toʻplana boshlagan. Ammo, zilzila togʻ qulashi natijasida roʻy bergan, degan gipoteza ham mavjud. Shohlar hukmronlik qilgan zamonlarda topograflar bu hududdan oʻtib, shu yerda guvohi boʻlgan gʻaroyib manzaralar: haddan ziyod tik togʻ qoyalari, quyosh nuri umuman tushmaydigan chuqur gʻor haqida yozib qoldirishgan", — deya yodga oldi Ravshan Nosirovich koʻl tarixi haqida.
Ekspert, shuningdek, ushbu zilzila "sadosi" minglab kilometr narida — hozirda Sankt-Peterburgda joylashgan Pulkovo seysmologiya stantsiyasida ham qayd etilgani haqida qoʻshimcha qildi.
Mutaxassisning soʻzlariga qaraganda, hali sobiq Ittifoq tarqalmasidan oldin bu hududga, Sarez koʻli muammosini oʻrganish uchun, ekspeditsiyalar uyushtirilgan.
Hudud oʻta yovvoyi boʻlib, chakalakzor oralab harakatlanishning imkoni yoʻq edi. Shu bois, olimlar 500 metr balandlikka ega uyumni buzish yoki boʻlaklarga ajratib olish mumkin emasligini anglaydilar. Tabiiyki, suv yildan yilga toʻplanib boryapti, uning ogʻirligi inson qoʻli bilan yaratilmagan dambaga bosim oʻtkazishiga shubha yoʻq, shu bois, toʻsiq, vaqt oʻtishi bilan oʻzini qanday tutishi nomaʼlum. Ammo, olimning fikricha, prognoz va matematik modellashtirishni amalga oshirish mumkin. Faqat, deya savol tashladi ekspert, mabodo suv toʻsiqni yorib oʻtib, ulkan toʻlqin quyiga qarab oʻzini uradigan boʻlsa, unda nima boʻladi?
"Agar shunday boʻlsa, tabiiyki, sel vujudga keladi. Sel nimaligini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu oqim quyiga qarab harakatlanadigan taqdirda, uning tezligi borgan sari oshadi, va, oldinda yalanglik boʻlgani bois, u yanada kengayadi", — deya izoh beradi Ravshan Qodirov.
Ekspertning fikricha, tabiiy ofat yuz beradigan boʻlsa, kamida 6 million kishi jabr koʻrishi mumkin. Bundan tashqari, Tojikiston, Afgʻoniston, Turkmaniston va Oʻzbekiston hududlari suv ostiga gʻarq boʻlib, yoʻq boʻlib ketishi mumkin.
"Agar xaritaga qarasangiz, anglab olishingiz qiyinmaski, birinchi galda, Amudaryo qirgʻogʻida joylashgan Termez shahrini suv olib ketishi ehtimoli bor. Bu tabiiy ofat yana qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Deylik, nasos yordamida suv tortadigan Amu-Buxoro kanali sel tufayli barbod boʻlishi mumkin. Bu degani, yirik massivlar suvsiz qolishi ehtimoli bor. Oxir-oqibat, turli kattalikdagi togʻ jinsi yigʻindilari, oʻsimlik va daraxt boʻlaklaridan iborat boʻyi bir metrga teng bu loyqa-suv oqimi Orol va Qoraqalpogʻistongacha yetib borishi mumkin", — deya qoʻshimcha qildi ekspert.
Shuning uchun bugungi kunda FVV Oʻzbekistonning fojia yuzaga kelishi ehtimoli boʻlgan hududlarda oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazmoqda.
Ekspertning aytishicha, yuqoridagilar roʻy berishi mumkin boʻlgan fojianing bir varianti, xolos. Boshqa taxminlarga koʻra, xavf boshqa joydan ham chiqishi mumkin: yaʼni, koʻlning oʻng tomonidan vujudga kelgan koʻchkining oʻpirilishi natijasida. Agar koʻchki suv havzasiga kelib tushgudek boʻlsa, tabiiyki, oʻz yoʻlida har narsani yakson qilishdek kuchga qodir toʻlqinni vujudga keltiradi.
"Shu bois, bu koʻchki ham nazoratga olingan. Tojikistonlik hamkasblarimizdan tashqari, oʻzimizning Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari hamda "Oʻzgidromet" xodimlari doimiy tarzda u yerda navbatchilik qilishmoqda. Bundan tashqari, favqulodda holat haqida ogohlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ofat yuz beradigan taqdirda, Amudaryo etagida joylashgan barcha davlatlar zudlik bilan bu haqda ogohlantiriladi. Xavfli tumanlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda. Ammo ofat qachon yuz beradi va uning oqibati qanday kechadi, bu hozircha qorongʻi. Nima boʻlgan taqdirda ham biz har nega tayyor boʻlishimiz shart", — deya taʼkidladi Qodirov.