Fransiya elchixonasining viza bo‘limi vaqtincha yopilmoqda

Obuna bo‘lish
27-iyundan boshlab, vizaga hujjatlarni topshiruvchilar TLS Contact kompaniyasi orqali oldindan qabulga yozilgan bo‘lishi shart.

TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Toshkentdagi Fransiya elchixonasi 20-24-iyun kunlari Vizalar bo‘limi yopiq bo‘lishi va vizaga hujjatlarni qabul qilmasligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda elchixona saytida xabar berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, elchixona hududida qurilish ishlari olib borilayotganligi munosabati bilan elchixona 2016-yil 20-iyundan boshlab bir hafta davomida tashrif buyuruvchilarni qabul qilmaydi.

"Fransiyaga yoki Toshkentdagi Fransiya elchixonasi viza beradigan boshqa bir davlatga yaqin kunlarda borishni rejalashtirgan shaxslar uchun qulaylik yaratish maqsadida, Vizalar bo‘limi 13-17-iyun kunlari soat 9.00 dan 12.00 gacha va 15.00 dan 17.30 gacha vizaga hujjatlarni topshiruvchilarni qabul qiladi. Vizalar bo‘limiga elchixonaning asosiy darvozalaridan kiriladi", — deb yozilgan xabar matnida.

27-iyundan boshlab, vizaga hujjatlarni topshiruvchilar TLS Contact kompaniyasi orqali oldindan qabulga yozilgan bo‘lishi shart. Ushbu xizmat 20-iyundan boshlab ishga tushadi. «TLS Contact» kompaniyasi bilan bog‘lanishga oid ma’lumotlar qo‘shimcha e’lon qilinadi.

Yangiliklar lentasi
0